Germaniyada qanday yashashadi?

18:01 30 May 2019 Jamiyat
461 0

Germaniyada hayot odatdagidek osuda kechadi. Koʻchalarda, ayniqsa, Berlinda tigʻiz paytda ham sokinlik hukmron. Yoshu keksa ishiga, oʻqishiga qatnaydi. Lekin hech kim shoshmaydi. Eʼtiborlisi, ularning asosiy qismi manzillari sari velosipedda borishadi. Buning uchun shahar koʻchalariga maxsus yoʻlaklar qilingan. Tashkilotlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari yaqinida esa maxsus toʻxtash joylari mavjud.

Ayni paytda Germaniyada 72 millionta velosiped bor. Agar mamlakat aholisi soni 82 million kishi ekanligini inobatga ­olsak, shunday xulosa qilish mumkinki, deyarli hamma bu transport vositasiga ega. ­Odamlarning elektr tokida harakatlanadigan velosipedlarga ham qiziqishi va talabi ortib boryapti. Germaniyada velosiped ijarasi xizmati ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Istalgan bekat yoki katta savdo nuqtalarida velosipedlarni ijaraga olishingiz ­mumkin.

Bu “Audi”, “BMW”, “Mercedes-Benz”, “Volkswagen”, “Porsche”, “Opel” kabi mash­hur brendlar vatani boʻlgan Germaniyadagi oddiy holat. Vaholonki, nemislar yurtida yiliga qariyb 6 millionta avtoulov ishlab chiqariladi va bu Yevropa ­Ittifoqidagi umumiy avtomobil ishlab chiqarishning 35,6 foizini tashkil etadi.

Unda nega velosiped dersiz?!

Hamma gap ushbu mamlakat aholisi atrof-muhitni asrab-avaylash yoʻlida qaygʻurishi, atmosferani ifloslantirmaslikka harakat qilishi va tabiat neʼmatlarini ehtiyotlashida, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugungi kunda GFR aynan shu maqsadlar yoʻlida hayotga muqobil energiya manbalarini faol joriy etgani holda, atom energetikasi va koʻmir qazib chiqarishdan voz kechish bosqichida turibdi. Shuning uchun ham davlat yirik moliyaviy va ­boshqa yoʻqotishlar, fuqarolar bandligini ­taʼminlash bilan bogʻliq muammolarga duch kelyapti. Lekin aholi buni tushunishga harakat qilmoqda, zero, tabiat resurslari abadiy emas. Hozir Germaniyada energiyaning qariyb yarmi qayta tiklanuvchi quvvatlar manbalari hissasiga toʻgʻri kelishi ham fikrimiz tasdigʻidir. Misol uchun, bu zaminda shamol tegirmonlari oʻrnatilgan maydonlarni topish qiyin emas. Elektr energiyasi taʼminotining 12 foizi aynan mana shunday moslamalar hissasiga toʻgʻri keladi. Yana deyarli shunchasi quyosh qurilmalari yordamida ­olinyapti. Ishlatilayotgan koʻmir esa qoʻshni davlatlardan import qilinadi.

Muzeyga aylangan kon

Nemislarning oʻtmish sanoat inshootlaridan foydalanish boʻyicha tajribasi ham diqqatga sazovor. Masalan, Rurdagi sobiq koʻmir koni muzeyga aylantirilgan. U yerga kelganlar shu kabi shaxtalar tarixi bilan tanishtiriladi, hukumatning bu boradagi juda qatʼiy qarori mohiyati tushuntiriladi. Biroq pul topish qobiliyatini nemislardan hech kim tortib ololmaydi. Muzeyda koʻmirni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha bor texnologik liniya saqlab qolingan. Rur mehmonlariga har bir asbob-uskuna qanday qoʻllanilganini aytib berishadi. Buni qarangki, ushbu besoʻnaqay agregatlar bu joyda rassomlar, fotograflar va hunarmandlar koʻrgazmalarini oʻtkazishga hech qanday xalaqit bermaydi. Ilgʻor yoshlar esa turli tadbirlar, hatto toʻy marosimlarini ham tashkil etib turishar ekan.

Muzey binosining tashqi va ichki koʻrinishiga kreativ yondashilgan. Qora­yib ketgan zinapoyalar, elektron axborot panellari, konchilar hayotidan ­fotosuratlar... Shuning uchun ham bu ­yerdan sayyohlar qadami uzilmaydi.

Toʻgʻrisi, barchaga mashhur nemischa ozodalik va tozalikni saqlash ham oson emasligiga shohid boʻldik. Germaniyadagi har bir shahar chorrahalariga turli chiqindilar — qogʻoz, plastik, oyna va hokazolar uchun bir nechta chiqindi idishlari qoʻyilgan. Xiyobonlar va turarjoylar yaqinida esa uy hayvonlari uchun alohida axlatdonlar oʻrnatilganiga guvoh boʻlasiz. Eng asosiysi, mamlakatning har bir aholisi tozalik boʻyicha umumqabul qilingan ­meʼyorlarga qatʼiy rioya etishga ­intiladi.

Imkoniyati cheklanganlarga cheklanmagan sharoitlar

Jamiyatning inklyuzivligi ham kishida alohida hurmat uygʻotadi. Bu yerda imkoniyati cheklangan odamlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Chunonchi, deyarli har bir tashkilot, kafe yoki restoranga kirish, jamoatchilik transport vositalariga chiqib-tushish uchun qulay panduslar oʻrnatilgan. Koʻp qavatli uylarda esa koʻmakka muhtoj shaxslar uchun liftlarning uzluksiz faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Binobarin, nemislar ular uchun platforma yaratar ekan, aravada yuradigan insonlarni ham yoddan ­chiqarishmaydi, yaʼni yoʻlak va xonalar oʻrtasiga zina yoki ­boshqa oʻtkir burchakli koʻtarilishlar kabi toʻsiqlar qurilmaydi. Qolaversa, hamma joyda imkoniyati cheklangan insonlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan hojatxonalar mavjud. Bular koʻrinishidan oddiy tuyular, biroq barcha mamlakatda ham bor boʻlmagan mana shunday qulayliklar nogironligi bor insonlarning nemis jamiyati, jumladan, Berlin hayotining tom maʼnoda ajralmas qismi ekanliklarini his etishlariga yordam beradi, ­ishlashlari, sayr qilishlari, muzey va teatrlarga borishlari uchun imkoniyat yaratadi.

Sayyohlarni qiziqtiradigan joylar

Germaniyada turistlarning katta ­qismini, asosan, chekka-chekka yerlar, Reyn daryosi boʻylab yastanib ketgan shaharlarda uchratish mumkin. Boy oʻtmish, oʻrta ­asrlardan saqlanib qolgan qasrlar, ulkan tokzorlar bu joylarga oʻzgacha fusun bagʻishlaydi. Gidlar mehmonlarga qadimgi qalʼalarda yashagan aholi tarixi, bunday qadimiy inshootlar ne-ne qonli urushlarni boshidan oʻtkazgani haqida soʻzlab beradi. 

Mamlakat tabiati ham goʻzal. Yogʻingarchiliklarning moʻlligi tufayli nemis zamini yashillikka burkanib turadi, mamlakat hududining katta qismi tabiat qoʻriqchilari qatʼiy muhofaza qilinadigan oʻrmonlardan iborat. Bu yerda kichik fermalar chorvachilik bilan shugʻullanib keladi. Qand lavlagi, arpa, ­bugʻdoy, makkajoʻxori, suli, javdar, yem-xashak ekinlari va kartoshka yetishtiriladi. Qishloq xoʻjaligi ulkan hududni ­qamrab olgan boʻlsa-da, mazkur soha aholining juda kichik ­qismini ish bilan taʼminlaydi. Zero, qolgan ishlarni texnologiyalar ­bajaradi.

Dildora RAUPOVA, “Xalq soʻzi”.

Toshkent — Berlin — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?