Germaniyada oʻzbekistonlik pianinochi ijrosida musiqa kechasi tashkil etildi

19:05 08 Sentyabr 2020 Dunyo
235 0

Germaniyaning Baden-Vyurtemberg yeridagi qadimiy Shvetsingen shahrida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan oʻzbek pianinochisi Tatyana Vorm-Savosskaya ijrosida musiqa kechasi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Tadbir Luzerhaus maydonida sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etildi.

Asli termizlik Tatyana musiqa yoʻnalishidagi bilimini Toshkentdagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining “fortepiano sinfi”da olgan. Ayni paytda u Germaniyada yashab, oʻz faoliyat olib bormoqda va Shvetsingen shahridagi xususiy musiqa maktabini boshqarmoqda.

Konsert oldidan mamlakatimizning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi vakili soʻzga chiqib, tadbirda yigʻilganlarni qutladi va ularni Oʻzbekistonning bugungi kundagi zamonaviy taraqqiyoti, mustaqillik yillarida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishgan yutuqlari bilan tanishtirib oʻtdi. Diplomatik vakolatxona vakili oʻz nutqida asosiy eʼtiborni COVID-19 pandemiyasi sharoitida mamlakatimiz aholisi va iqtisodiyotini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mamlakat rahbariyati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaratdi.

Shuningdek, u oʻz chiqishida Ipak yoʻlining gavharlari sanalmish Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari koronavirus pandemiyasidan keyin xorijlik sayyohlarni kutayotganini taʼkidladi.

Baden-Baden shahridagi «Faberje» muzeyi ilmiy xodimi, oʻzbekistonlik vatandosh Lyudmila Sergiyenko mehmondoʻst oʻzbek xalqi, uning madaniyati va urf-odatlari haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashdi. Uning taʼkidlashicha, Ikkinchi jahon urushi paytida oliyhimmat oʻzbek xalqi saxiyligi va bagʻrikengligini namoyon etib, shafqatsiz urush kechayotgan hududlardan evakuatsiya qilingan qariyb bir yarim million kishini, jumladan 200 ming nafar bola va 150 mingga yaqin yahudiy millatiga mansub insonlarni oʻz bagʻriga qabul qilgan.

Pianinochi Tatyana Vorm-Savosskaya oʻz konsertida oʻzbek va xorij bastakorlari, xususan, A.Mansurov, T.Nabiyev, Betxoven, S.Raxmaninovlar asarlarini ijro etdi.

Musiqiy tadbir davomida bugungi kunda mamlakatmizda olib borilayotgan ulkan ishlar, uning madaniy merosi va sayyohlik salohiyati haqida videolavhalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?