Germaniyada “Oʻzbek qovunlari kuni” oʻtkazildi

12:17 16 Avgust 2020 Jamiyat
766 0

Germaniya qovun import qiladigan beshta yirik davlatlardan biri hisoblanadi. Har yili mamlakat bozoriga 130 ming tonnaga yaqin poliz mahsulotlari olib kelinadi. Ispaniya, Italiya, Fransiya, Braziliya, Kosta-Rika va Turkiya bunday mahsulotlar yetkazib beruvchilar orasida yetakchilik qiladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Oʻzbekistondan Germaniya mahalliy bozoriga yangi hosildan qovun mahsulotlarining yetkazilishi bunday noz-neʼmat muxlislari eʼtiboridan chetda qolmadi. Oʻzbek qovunlari tezda oʻzining ajoyib taʼmi bilan mashhurlikka erisha boshladi. Nemis xaridorlari ularni “Usbekische Honigmelone”, yaʼni “oʻzbek asal qovunlari”, deb atashida ham chuqur maʼno bor.

Bugun oʻzbek qovunlari Germaniya poytaxti hamda Bavariya, Quyi Saksoniya, Baden-Vyurtemberg, Gamburg va boshqa federal oʻlkalar savdo tarmoqlarida sotilmoqda.

Oʻzbekiston qovunining Germaniyaga eksport hajmi tobora ortib bormoqda. Agar bu koʻrsatkich 2018-yilda 353 tonnani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yil uni 1 000 tonnaga yetkazish kutilmoqda. Xususan, mamlakatimizning “Red Pack” kompaniyasi germaniyalik sheriklar bilan tuzilgan eksklyuziv shartnoma doirasida “Mirzachoʻl” brendi ostida mahsulot yetkazib bera boshladi.

— Mahsulot sifati, brendi va marketingiga bosqichma-bosqich sarmoya kiritib, Yevropa bozorining qatʼiy talablariga moslashmoqdamiz, —dedi kompaniya direktori Roman Salamatov. — Biz qovunlarni saqlash muddatini uzaytirish uchun ularni muzlatishni oʻzlashtirdik, maxsus qadoqlash usulini ishlab chiqdik. Yevropalik hamkorlarimiz soʻroviga binoan, supermarketlar ularni omborxonalar va savdo maydonlariga qiynalmay koʻchirishi uchun poliz mahsulotlari joylashtirilgan qutilarni maxsus tadliklarga joylashtirayapmiz. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida yashayotgan insonlarga oʻzbek qovuni mazasini tatib koʻrishiga hissa qoʻshish – bizning orzuimizdir.

Germaniya aholisiga haqiqiy oʻzbek qovunining beqiyos taʼmini tatib koʻrish imkoniyatini taqdim etish maqsadida Oʻzbekiston elchixonasi ushbu mamlakatning “LEDO” savdo tarmogʻi bilan hamkorlikda Berlinda “Oʻzbek qovunlari kuni” tematik tadbirini oʻtkazdi.

Berlin aholisi va mehmonlari nafaqat goʻzal Rishton laganlarida taqdim etilgan shirin oʻzbek qovunidan tatib koʻrdi, balki Germaniya universitetlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan milliy madaniyatimiz xos badiiy chiqishlardan ham bahramand boʻldi.

Shuningdek, diplomatlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Siz Oʻzbekistonni bilasizmi?” viktorinasi ham katta qiziqish uygʻotdi. Unda faol qatnashganlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Muxbirimiz tadbir qatnashchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.

— Men oʻzbek qovunini birinchi marta tatib koʻrdim, — dedi gimnaziya oʻqituvchisi Karl Rudolf. — Ular betakror taʼm va xushboʻy hidga ega ekan. Ilgari bizning supermarketlarda bunday shirin mahsulotlarni uchratmaganman. Bu - haqiqiy tabiiy mahsulot, goʻyoki hozirgina daladan yigʻib olinganga oʻxshaydi. Bu qovunni nega “asal” deb atashayotganini shunday keyin tushundim. Men doʻstlarimga ham haqiqiy oʻzbek qovunlaridan harid qilishni tavsiya qilaman, chunki ular samoviy lazzat baxsh etadi kishiga.

— Men Germaniyada oilam bilan besh yildan beri yashayapman, ammo bugun biz birinchi marta bu yerda oʻzbek qovunini tatib koʻrdik, — deydi avstraliyalik dasturchi Richard Uinslet. — Albatta, ular juda mazali ekan. Oʻgʻlimga ham oʻzbek qovunlarining taʼmi juda yoqdi. Tadbirda mamlakatingizga tashrif buyurish uchun viza talab qilinmasligidan xabardor boʻldim. Shu bois keyingi taʼtilni oilam bilan quyoshli Oʻzbekistonda oʻtkazishimiz mumkin, deb reja qila boshladim.

— Elektron pochtamda «Ledo» savdo tarmogʻining ushbu filialida tashkil etilayotgan tadbir haqidagi xabarni oʻqigan edim, — deydi Volfgang Albrext. — Menda bu voqea qiziqish uygʻotdi. Bugan bu yerga kelib adashmaganimga amin boʻldim. Toʻgʻrisi, oʻzbek qovunlarining takrorlanmas taʼmi meni hayratga soldi. Aslida ular asal kabi juda shirin. Qovunlarning oʻziga xos xushboʻy hidi hayratlanarli darajada. Shuning uchun men barcha tanishlarimga asal taʼmli oʻzbek qovunlaridan tatib koʻrishni va zavqlanishni tavsiya etdim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?