Germaniyada hatto yomgʻir suvini ham qayta ishlashadi

17:29 28 May 2019 Jamiyat
349 0

Germaniyada suv qimmat. Lekin ular buni obihayotdan nooqilona foydalanish oqibatida odamlar yoʻqotayotgan boylik oldida arzimas narx deb hisoblashadi.

Yaqinda Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyaviy koʻmagida Germaniyaga media-tur tashkil etildi. Suvni tejash, oqova suvlarni tozalash va suv sohasini boshqarishning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha nemis tajribasini oʻrganish maqsadiga qaratilgan mazkur tadbir “UzWaterAware” loyihasi doirasida boʻlib oʻtdi.

Safar chogʻida birinchi eshitganimiz Germaniyada suv uchun yuqori narx belgilangani haqida boʻldi. Vaholonki, mezbon mamlakatda ushbu tabiiy resurs tanqisligi bilan bogʻliq hech qanday muammo yoʻq ekan. Boisi yogʻingarchiliklarning moʻl boʻlishi, yer osti suvlarining boy zaxirasi, qolaversa, daryolar va koʻllar mahalliy aholini hali koʻp yillar davomida bebaho neʼmat bilan taʼminlay oladi.

Buni qarangki, suvga nisbatan yuqori narx belgilanishi Germaniyada obihayotni tejashga yoʻnaltirilgan yagona chora emas ekan. Bu yerda keyinchalik qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish uchun oqova suvlarni tozalashga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Masalan, qariyb toʻrt million kishi yashaydigan Berlinda oltita suv tozalash stansiyasi bor. Har biri oʻziga xos individual asosda ishlaydi. Ularning ichida eng ilgʻorlari esa kimyoviy va dorilash vositalarini qoʻllashdan allaqachon voz kechib, suvni mikroorganizmlar yordamida tozalash usuliga oʻtgani diqqatga sazovor.

Xususan, bu borada “Berlin Water Works” kompaniyasining “Berliner Wasserbetriebe” tozalash stansiyasi tajribasi juda qiziq. Ayni shu inshootda tur ishtirokchilari, chunonchi, Suv xoʻjaligi vazirligi (“UzWaterAware” loyihasi milliy hamkori), qator NNT, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining suv tozalash kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi.

— Germaniyada yomgʻir suvi kanalizatsiya tarmogʻiga oqib tushadi va u yerdan toʻgʻridan-toʻgʻri suv tozalash inshootiga yuboriladi, — deydi stansiya rahbari Arni Kuchmera. — Berlinda ilk suv tozalash stansiyasi 1856-yilda paydo boʻlgan. Oʻsha paytdan aholi ilgari barcha axlatlar oqib keladigan Shprey daryosini asrab qolish haqida oʻylay boshlagan. Vaqt oʻtishi bilan shu kabi yana boshqa inshootlar barpo etilgan. Stansiyamizda ishlash tamoyili suvni tozalashning bir nechta bosqichini oʻz ichiga oladi. Avvaliga maxsus texnologiyalar yordamida undan yirik chiqindilarni ushlab qolamiz. Soʻngra suv oy davomida turadi, tindiriladi. Bu loyqa choʻkishi uchun kerak. Shundan keyin undagi biologik aralashmalarni yoʻqotish uchun mikroorganizmlar bilan boyitamiz. Va nihoyat navbat — aeratsiya (havoga toʻyintirish) jarayoniga yetib keladi. Shunday qilib, bir kunda qariyb 250 ming kub metr suvni tozalashning uddasidan chiqamiz.

Tozalash stansiyalari faoliyati sharofati bilan shaharga tutashib ketgan qishloq xoʻjaligi hududlari zarur hajmda toza suv bilan toʻliq taʼminlanadi, daryoga ham tozalangan va xavfsiz suv borib tushadi.

Yuqori toʻlov haqida gap ketganda, nima deyish mumkin? Germaniya poytaxti va Federativ Respublikaning boshqa yerlaridagi har bir aholi suvdan foydalanish uchun kattagina pul toʻlaydi. Hatto berlinliklar buning uchun boshqalarga nisbatan ancha koʻp mablagʻ sarflaydi. Bu, albatta, suvni tozalash uchun ketayotgan salmoqli xarajatlar va saʼy-harakatlar bilan bogʻliq.

Safar davomidagi keyingi manzil “Berlin Water Works” kompaniyasining suv chiqarish stansiyasi boʻldi. U Berlin aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlashga masʼuldir. Arni Kuchmera mazkur zavod faoliyati haqida soʻzlab berar ekan, Germaniya yer usti resurslarini asrab-avaylash uchun yer osti suvlari isteʼmoliga oʻtayotganini qayd etdi. Boz ustiga, suv transporti faoliyati sabab yer usti suvlari ishlatishga tobora kamroq yaroqli boʻlib borayotir. Yer osti quduqlari chuqurligi esa 30 metrdan 170 metrgacha yetadi, bu suv sifati hamda unda zararli moddalar yoʻqligini taʼminlaydi. Shunga qaramay, aholiga yetkazishdan oldin suvga ultrabinafsha bilan dastlabki ishlov beriladi.

Bunday yondashuv bois Berlin va Germaniyadagi boshqa qator yerlarda joʻmrakdan suv ichish, ekspertlarning fikricha, mutlaqo, xavfsizdir. Vaholonki, kamroq xarajat talab qiladigan yer usti suvlarini isteʼmol qilib kelayotgan qator davlatlarda esa ayanchli oqibatlarni keltirib chiqargan holatlar ham kuzatilgani koʻpchilikka ayon.

Toʻxtalib oʻtganimizdek, Berlinda ushbu muammo toʻlaligicha hal etilgan. Birgina “Berliner Wasserbetriebe” zavodi yiliga shahar aholisi uchun 350 million kub metr toza suv yetkazib beradi. Shu singari stansiyalar, oʻz navbatida, obihayot resurslaridan foydalanish hajmi, tigʻiz paytda zarur suv miqdori monitoringini ham olib boradi. Hatto suvni barqaror yetkazib berish bosimini nazorat qilish uchun futbol oʻyinlari oʻrtasidagi tanaffuslar ham inobatga olinar ekan.

Kezi kelganda xolis aytish lozim, Germaniyaning hamma yerlarida ham yer osti suvlaridan foydalanish prinsipi joriy etilmagan. Misol uchun, Kyoln shahri aholisi hanuzgacha Reyn daryosi suvi, myunxenliklar esa shu maqsadda erigan qor-muz suvlarini ishlatib kelmoqda.

Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi vazirligi vakillari ham suvni tejash boʻyicha qiziqarli faktlar hamda nuqtai nazarlarini mehmonlar bilan oʻrtoqlashdilar.

— Biz tabiatni himoya qilishdan manfaatdormiz, — deydi vazirlikning hamkorlik boʻyicha boʻlimi rahbari Yurgen Keynxorst. — Shu maqsadda turli mamlakatlardagi soha vakillari bilan sheriklik aloqalarini oʻrnatyapmiz. Zero, sayyoramizning koʻplab nuqtalarida iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq holatlar namoyon boʻlmoqda. Markaziy Osiyo ham bundan mustasno emas. Havo haroratining sezilarli darajada koʻtarilishi, oqibatda togʻ muzliklarining erishi bunga misol boʻla oladi. Shuning uchun ham vazirligimiz oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilib keladi, tabiatni muhofazalashga qaratilgan ulkan loyihalar roʻyobga chiqarilyapti. Oʻzbekistonning togʻli tumanlarida tuproqni eroziya (yemirilish)dan saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha ana shunday tashabbuslardan biridir. “Markaziy Osiyo choʻllari boʻyicha tashabbus” mintaqaviy loyihasi ham bu borada muhim hisoblanadi. Qoʻshma loyiha chala choʻllarni muhofaza qilish va ulardan barqaror foydalanishga yoʻnaltirilgan. Bugungi kunda chala choʻllar degradatsiya xavfi ostida turibdi. Bu tabiiy resurslardan surunkali (ekstensiv) foydalanish, yaylov chorvachiligining beqarorligi, qolaversa, yirik infratuzilma loyihalari bilan bogʻliq. Bunday choʻllarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻlish chorva mollari turlari va ularning yashash joylarining oʻnglab boʻlmas yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin.

Yurgen Keynxorstning soʻzlariga koʻra, ayni paytda Germaniyada atrof-muhitni asrab-avaylash boʻyicha sezilarli chora-tadbirlar qabul qilinyapti. Atom energetikasi va koʻmir qazib olishdan voz kechish shular jumlasidandir. Binobarin, bu zaminda energiyaning muqobil manbalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hozir zarur energiyaning qariyb 40 foizi aynan shunday manbalarga toʻgʻri kelayotgani ham buni tasdiqlaydi. Ularning salkam 13 foizi maxsus ajratilgan joylarga oʻrnatilgan shamol qurilmalaridan olinyapti. Ayni chogʻda quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha ham loyihalar hayotga tatbiq qilinib, yangilarini ishlab chiqish davom ettirilmoqda.

Toʻgʻri, qayta tiklanuvchi energiya manbalari tabiiy resurslarga nisbatan qimmatga tushadi. Ammo tabiiy resurslarni behuda sarflash kelajakda insoniyatga qanchaga tushishi inobatga olinsa, buning oldida yuqoridagi usulni qoʻllash arzimas narxga aylanadi, deb hisoblaydi germaniyaliklar.

Yer kurrasining uchdan ikki qismi suv bilan qoplangan, biroq uning 97,5 foizi foydalanish uchun yaroqsiz. Qolgan 2,5 foizigina chuchuk suv hisoblanadi. Shundan 79 foizini abadiy muzliklar tashkil etsa, yana 20 foizi yer osti suvlari tarkibidan joy olgan. Sayyoramizdagi suv resurslarining bir foizigina daryo va koʻllar hissasiga toʻgʻri keladi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, aslida suvlarning bunday kichik foizlari ham Yerda yashovchi har bir inson uchun yetarlidir. Ammo obihayotdan nooqilona foydalanish, unga nisbatan befarq va beeʼtibor qarash tufayli turli mamlakatlar aholisi toza ichimlik suvi tanqisligini boshdan kechirmoqda.

Agar bu borada hech qanday choralar koʻrilmasa, 2030-yilga borib, qariyb besh milliard kishi yaxshi tozalanmagan suvdan foydalanishga majbur boʻladi. Bu dunyo aholisining salkam 67 foizi deganidir!

Bugungi kunda har bir yerlik uchun yiliga taxminan 750 kub metr chuchuk suv toʻgʻri keladi, 2050-yilga borib bu miqdor 450 kub metrgacha qisqaradi. Dunyo mamlakatlarining 80 foizigacha BMT tasnifi boʻyicha suv resurslari tanqisligi toifasidagi mintaqalar orasidan joy oladi. Birgina Afrikaning oʻzida iqlim oʻzgarishlari sabab 2020-yilga borib 75 milliondan 250 milliongacha odam ana shunday vaziyatga duchor boʻladi.

Dildora RAUPOVA, “Xalq soʻzi”.
Toshkent — Berlin — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?