Germaniya ishbilarmonlari Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga qiziqmoqda

13:15 25 Yanvar 2019 Siyosat
429 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Angela Merkelning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.

Tashrif doirasida Berlinda Oʻzbekiston — Germaniya ishbilarmonlari biznes forumi, shuningdek, qator tadbirlar, taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Ularda ishtirok etgan ikki mamlakat vazirlik va idoralari, kompaniya hamda konsernlari rahbarlari Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligi istiqbollari borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ekxart FRANS, Germaniya Federativ Respublikasi iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari:

— Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar menda katta taassurot qoldirdi. Davlatingiz rahbari tomonidan jadal iqtisodiy islohotlar oʻtkazilayotgani hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Oʻzbekiston — Germaniya biznes forumida 300 dan ortiq germaniyalik tadbirkor qatnashgani mamlakatingiz bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, investitsiya kiritish va biznes yuritishga katta qiziqish borligidan dalolat.

Oʻzbekiston — Germaniya hukumatlararo ishchi guruhi majlisida ishtirok etish asnosida oʻzbekistonlik hamkasblarim bilan iqtisodiy sohalardagi sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarini tahlil qildik. Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istardimki, ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik uchun mamlakatlarimizda salohiyat yuqori. Yurtingizning dunyo hamjamiyati uchun tobora ochilib borayotgani uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirib, oʻzaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Alisher SHODMONOV, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri:

— Germaniya tibbiyoti saraton kasalliklari bilan bogʻliq masalalarni muvaffaqiyatli yechib kelmoqda. Shu bois onkologiya sohasida Germaniya bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Xususan, bir nechta loyihalar boʻyicha shartnomalar imzoladik. Jumladan, Toshkent tumanida onkologiya markazi bunyod etishga kelishdik. Bu yerda loyihaning asosiy hamkorlari — “OPASCA” kompaniyasi va Mannhaym universiteti klinikasi mutaxassislari faoliyat koʻrsatadi. Markaz Oʻzbekistonda onkologlarni tayyorlashga ham katta hissa qoʻshishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududida onkologiya uchun maxsus markaz tashkil etish boʻyicha “Fresenius Vamed” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Mazkur klinikada ham nemis mutaxassislari ishtirokida saraton xastaliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash boʻyicha yangi maktab yaratiladi.

Alisher MIRSOATOV, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisi:

— Ikki mamlakat ishbilarmonlari biznes forumi doirasida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda Germaniyaning uchta banki oʻrtasida 500 million yevrolik shartnomalar imzolandi. Ushbu kredit mablagʻlari mamlakatimizga Yevropaning eng zamonaviy uskuna va texnologiyalarini olib kelish imkonini beradi. Natijada eksportbop hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yanada kengayadi.

Davlatimiz rahbari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sessiyasida banklar nafaqat mablagʻ jalb qilishi, balki biznes hamkorlar topishi ham zarurligini taʼkidlagan edi. Shundan kelib chiqib, forumda germaniyalik hamkorlar bilan jami qiymati 100 million yevroga teng yana 4 ta yirik loyiha boʻyicha kelishuvga erishdik. Mazkur loyihalar toʻqimachilik, tibbiy anjom va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishlarida boʻlib, mingdan ziyod qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Yurgen RIXTЕRIN, YETTB vitse-prezidenti:

— Oʻzbekistondagi faoliyatimiz 2016 yildan boshlab izchil rivojlanmoqda. Soʻnggi 18 oy mobaynida qiymati 500 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan 16 ta loyihani roʻyobga chiqarishga oid hujjatlar imzoladik. Bugun gaz sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan 250 million AQSH dollariga teng shartnomaga imzo chekdik. Kelgusida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonda xususiy sektordagi faoliyatimizni yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Jon van der VЕLDЕN, “Linde” konserni boshqaruvi aʼzosi:

— Forum doirasida oʻzbekistonlik vakillar bilan Xorazmda gaz-kimyo majmuasini rivojlantirish boʻyicha muzokara olib bordik. Bu loyihada qatnashishdan mamnunmiz. Uni amalga oshirish uchun oldindan investitsiya kiritishga, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash ustida ish olib borishga tayyormiz.

Oʻzbekistonning neft-gaz sohasidagi salohiyati yuqori. Sanoatning ushbu tarmogʻida qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bois mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Bizning kelishuvimiz gazni nafaqat eksport qilish, balki qayta ishlash, neft-gaz mahsulotlari tayyorlashni yoʻlga qoʻyishni nazarda tutadi.

Ketlin GYOBЕL, “CULTURAL cooperation international” kompaniyasi direktori:

— Tashrif arafasida Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasida yurtingiz madaniy merosiga oid kitob-albom taqdimoti oʻtkazildi. Ushbu loyiha mamlakatingiz madaniyati va sanʼatini oʻrganish, uni targʻib qilishga bagʻishlangani bilan muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlashni istardim. Boisi, taqdim etilgan kitobda Germaniyada saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniyati hamda sanʼatiga oid noyob meros haqida qimmatli maʼlumotlar jamlangan. Ular orqali Oʻzbekiston bilan yaqindan tanishish, yurtingiz haqidagi bilimlarni oshirish mumkin.

Zasha XЕNDLЕR, “Textima Export Import” kompaniyasi savdo direktori:

— Mamlakatingiz bilan doʻstona va oʻzaro ishonch ruhidagi hamkorligimiz samarali kechmoqda. Oʻzbekistonning qator banklari bilan hamkorlik memorandumlari imzolaganmiz. Kelgusida oʻzaro aloqalar yanada rivojlanishiga ishonamiz. Boʻlib oʻtgan biznes forumi doirasida oʻzbekistonlik sheriklar bilan uchrashish, istiqbolli loyihalar boʻyicha muloqotni yoʻlga qoʻyish imkoniga ega boʻldik.

Klaus BONЕMAN, “Wehrhahn” qurilish kompaniyasi direktori:

— Qurilish sohasi texnologiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kompaniyamiz bir yildan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilmoqda. Yaqinda mamlakatingizning yana bir kompaniyasi bilan beton sanoatida gʻovak tosh ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish boʻyicha muzokara olib bordik. Ishonamizki, bu uskunalar amaliyotda kutilgan samarani beradi. Bundan tashqari, oʻtgan yili yurtingizda boʻlib oʻtgan xalqaro investitsiya forumi doirasida Toshkent, Samarqand va Jizzax shaharlaridagi sanoat korxonalarida kompaniyamiz texnologiyalarini oʻrnatish toʻgʻrisida memorandum imzolagan edik. Shu kabi kelishuvlarimiz Oʻzbekistonni sifatli, zamonaviy qurilish materiallari bilan taʼminlash imkonini beradi.

Falk PORSHЕ, “Doyche Kabel AG Toshkent” qoʻshma korxonasi ijrochi direktori:

— Oʻzbekiston bozorida 20 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapmiz. Mazkur iqtisodiy forumda qatnashish uchun 250 dan ortiq oʻzbekistonlik tadbirkorlar Berlinga tashrif buyurganini eshitib quvondik. Mazkur yirik anjuman ham mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan koʻplab tashabbus va islohotlar natijasidir. Biz ham Oʻzbekiston energetika sohasiga investitsiyalar kiritish istagidamiz.

Frank XUBRIX, “Takraf” kompaniyasi boshqaruvi raisi va bosh direktori:

— Kompaniyamiz togʻ-kon sanoati sohasida faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda ichimlik suvini qayta ishlashga moʻljallangan yangi texnologiyalar ishlab chiqarish boʻyicha ham oʻz xizmatlarimizni taklif etmoqdamiz. Xususan, mamlakatingizning kimyo sanoati sohasiga ixtisoslashtirilgan kompaniyalari bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz.

Oʻzbekiston togʻ-kon sanoati korxonalari uchun kerakli “Tashkura” texnologiyasini yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Shuningdek, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi faoliyatida qatnashyapmiz. Bugun sheriklik munosabatlarini kengaytirish imkoniyati yaratilmoqda. Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar investorlar ishonchini mustahkamlayapti.

Oʻzbekistonda Germaniya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani keng jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi. Endilikda biznes doira vakillari yoki sayyohlar yurtingizga bemalol safar uyushtirishi, Sharq tamadduniga beshik mamlakatingiz tarixi va bugungi rivojlanish jarayoni bilan bevosita tanishishi mumkin.

Xans-Yurgen XЕNNЕS, Mannhaym universiteti klinikasi rahbari:

— Klinikamizda, asosan, onkologik sohada ilmiy tekshiruvlar olib boriladi. Xorijiy tibbiy muassasalar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu toʻplangan boy tajriba bilan oʻrtoqlashish imkonini beradi. Bugun ushbu hamkorlik Oʻzbekiston bilan ham yoʻlga qoʻyilayotganidan mamnunmiz. Yurtingiz shifokorlari uchun turli oʻquv amaliyotlari, malaka oshirish kurslari orqali oʻz bilim hamda tajribamizni oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan boʻlishish istagidamiz. Shuningdek, turli loyihalar doirasida Germaniya tibbiyoti yutuqlarini mamlakatingizda ham tatbiq qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqamiz.

Karsten FYULSTЕR, Xalqaro moliya korporatsiyasi mintaqaviy direktori:

— Oʻzbekistonda jadal islohotlar yuz berayotganidan xabardormiz. Bu jarayon germaniyalik tadbirkorlarga mamlakatingizda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish va u yerdan turib Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida oʻz faoliyatini olib borishiga imkon yaratadi. Xalqaro moliya korporatsiyasi nomidan shuni aytishim mumkinki, biz Oʻzbekistonda istiqbolli rivojlanish jarayonini kuzatmoqdamiz. Shu bois, mamlakatingizda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlab, ish oʻrinlari yaratilishiga koʻmaklashamiz.

Men mamlakatingizdagi islohotlar yuksak samaralar berishiga ishonaman va bu yoʻlda omadlar tilayman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan biznes forumi turli sohadagi tadbirkorlar hamda hamkorlar muloqoti yanada rivoj topib borishidan dalolat beradi.

Mattias RЕSLЕR, siyosatchi, Saksoniya Landtag parlamenti prezidenti:

— Germaniya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida madaniy-maʼrifiy aloqalar rivojlanib bormoqda. Bizning maqsadimiz ikki mamlakat olimlari va talabalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishdir. Nafaqat tadbirkorlar, balki ikki mamlakat yoshlari, olimlarining oʻzaro hamkorligi va tajriba almashishi oʻta muhim. Germaniyaning Berlin, Drezden, Leypsig, Shtutgart hamda boshqa shaharlaridagi muzeylarda Oʻzbekiston tarixiga oid nodir sanʼat asarlari va eksponatlar mavjud. Oʻzbekiston Prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi nafaqat iqtisodiy, balki ilm-fan, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning yangi qirralarini ochishga xizmat qiladi.

Klaus MANGOLD, “Mangold” konsalting guruhi raisi:

— Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar mamlakatning dunyoga tobora ochilishi, Germaniya, qolaversa, Yevropa ittifoqi uchun hamkorlik yoʻlidagi katta imkoniyatdir. Mazkur forum ham nemis ishbilarmonlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qiziqishidan dalolat beradi. Bu orqali qishloq xoʻjaligi, kimyo, oziq-ovqat, neft va gaz sanoati sohalarida maqsadli loyihalarni amalga oshirish imkoniyati tugʻiladi. Germaniya ishbilarmonlari bu jarayonni jadallashtirishga oʻz hissasini qoʻshish istagida.

Oʻzbekistonda ayni paytda koʻplab ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganiga guvohman. Mamlakatingiz endilikda Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy oʻsishiga turtki boʻlishi lozim. Bugungi tadbir Germaniya Prezidentining mamlakatingizga tashrifi bilan davom etib qolmay, balki nemis ishbilarmonlari delegatsiyasining joriy yil kuzidagi tashrifi bilan bogʻlanib ketadi.

Shtefan EKKЕRT, “Humana” korxonasi boshqaruvi direktori:

— Biz uch yarim yildan buyon Oʻzbekistondagi sheriklar bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz. Maqsadimiz Oʻzbekiston bozorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga hissamizni qoʻshishdir. Biz bolalar oziq-ovqatlari ishlab chiqarish sohasidagi loyihamizni amalga oshirish barobarida, vitaminlarga boy mahsulotlarga boʻlgan talabni ham qondirish istagidamiz. Nafaqat xom ashyoni qayta ishlash, balki jahon standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar olib bordik va ikki tomonlama kelishuvlarga erishdik. Galdagi vazifamiz moliyaviy hamda texnik masalalarni hal qilib, loyihani ishga tushirish.

Stefan YENCH, “Obermayer“ kompaniyasi direktori:

— Oʻzbekistonlik hamkorlar bilan oʻzaro kelishuv imzolaganimizdan xursandmiz. Navbatdagi uchrashuvlarda texnika sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari toʻgʻrisida kelishib olamiz. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun infratuzilmani rivojlantirish eng muhim omillardan hisoblanadi. Tadbirga 300 ga yaqin ishbilarmonlar tashrif buyurgani bizni hayratda qoldirdi. Bu dastlabki hamkorligimiz uchun yaxshi koʻrsatkichdir. Biz nafaqat texnika sohasida hamkorlik qilamiz, balki mamlakatlarimiz oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Bu esa biz, ishbilarmonlar uchun mamlakatingizda loyihalarimizni rejalashtirishga puxta zamin yaratadi.

Andrey NOVISKIY, BCG-Boston konsalting guruhi hamkori va boshqaruvchi direktori:

— Oʻzbekistonda BCG bilan hamkorlikda bir qancha loyihalar amalga oshirildi. Hamkorlik Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini tadqiq etishdan boshlangan edi. Uning doirasida oʻnlab xorijiy sarmoyadorlar va yuzlab mahalliy tadbirkorlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazildi. Maqsad qaysi yoʻnalishlarda ilgʻor mamlakatlardan farqli jihatlar mavjudligi, qaysi yoʻnalishlarga oʻzgartirishlar kiritish kerakligini aniqlashdan iborat edi. Shunga koʻra, qonunchilikning soliq, bojxona, eksport-import sohalari boʻyicha oʻzgartishlar kiritishga oid takliflar dasturi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda mana shu oʻzgarishlarning ilk samaralari namoyon boʻlmoqda. Natijada Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qiziqish ortib bormoqda, nemis kompaniyalari ham yurtingizga investitsiya kiritish yuzasidan shartnomalar imzolashga tayyor.

Sara BORЕLLA, GFR Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi oliy kengashi aʼzosi:

— Forum doirasida GFR Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashda muhim qadamlardan biridir. Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi GFRdagi yirik uyushma boʻlib, uning vazifasi korxonalarni birlashtirish va tashqi bozorga chiqishiga koʻmaklashishdan iborat.

Biz Oʻzbekistonga muhim mamlakatlardan biri sifatida qaraymiz. Palatamiz nemis korxonalariga investitsiya kiritish va oʻzaro tovar aylanmasini oshirishda koʻmaklashadi. Kelgusida Germaniya va Oʻzbekistondagi kompaniyalar oʻzaro hamkorlik qilishi, yangi sheriklar topib, ular bilan shartnomalar imzolashi, oʻzaro tovar aylanmasini oshirishi uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz.

Stefan XAYD, “Roland berger” kompaniyasi vakili:

— Dunyoning 50 mamlakatidan 2 mingdan ziyod maslahatchi faoliyat olib borayotgan kompaniyamiz bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi bilan qoʻshma loyiha ustida ish olib bormoqda. Avtomobil yoʻllari tarmogʻi xususiy kapitalni jalb qiluvchi manbadir. Shu bois biz oʻz tajribamizni davlat xususiy sherikchiligi munosabatlari asosida yoʻlga qoʻyish niyatidamiz.

Zuzana FRANS, ODDO BHF (Fransiya — Germaniya moliyaviy xizmatlar guruhi) mintaqalararo boshqaruvi direktori:

— “Oʻzsanoatqurilishbank” bilan 50 million yevrolik loyihani moliyalashtirish uchun bitim imzoladik. Oʻtgan yili savdoni moliyalashtirish, gʻaznachilik, mutaxassislarni oʻqitish sohalari boʻyicha oʻzbek korxonalari bilan hamkorlikda ishlash, sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida yurtingizda boʻldik. Kelgusida muvaffaqiyatli hamkorlik qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.

Oʻzbekiston — Markaziy Osiyodagi eng ishonchli mamlakat. Soʻnggi yillarda yurtingizda yuz berayotgan oʻzgarishlar koʻpchilik sarmoyadorlarni oʻziga jalb etmoqda. Xususan, xususiy sektor sohasi hamda sanoat korxonalaridagi koʻplab sarmoyadorlarimiz Markaziy Osiyoga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda. Oʻzbekiston banklari bilan birga ularning rejalarini amalga oshirish va mamlakatingiz iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishda koʻmak koʻrsatamiz, degan umiddamiz.

OʻzA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?