Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keladi

22:38 24 May 2019 Siyosat
449 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer joriy yil 27-29-may kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi.

Prezidentlar davlatimiz rahbarining joriy yil 20-22-yanvar kunlari Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi davomida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muloqotni davom ettirib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni muhokama qiladilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida Frank-Valter Shtaynmayerning Oʻzbekiston va GFR yetakchi kompaniya va banklari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashishi, qator sanoat va boshqa obyektlar bilan tanishishi koʻzda tutilgan.

Federal prezident Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, Urganch davlat universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan uchrashadi hamda Xiva shahrining tarixiy va meʼmoriy obidalari bilan tanishadi.

Tashrif yakunida iqtisodiyot, moliya, taʼlim, sogʻliqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?