Geologiya sohasida zamonaviy universitet tashkil etiladi

13:47 31 Yanvar 2020 Siyosat
417 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni poytaxtimizning Olimlar koʻchasidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurdi.

Maʼlumki, 2020-yil mamlakatimizda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilindi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida shu boradagi maqsadlarga toʻxtalar ekan, har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiyada fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratilishi belgilandi.

Yurtimiz zamini tabiiy resurslarga boy. Ularni tadqiq qilib, samarali oʻzlashtirish uchun geologiya birlamchi asos.

Shu bois Prezidentimiz bu sohani alohida nazoratiga olib, uning rivojlantirish asoslarini yangidan tashkil etib bermoqda.

Bugungi kunda yer qaʼrini geologik oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi 4 ta muassasa – Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Mineral resurslar instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti tomonidan olib boriladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur institutlar negizida yaxlit majmua – zamonaviy universitet tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni ushbu yangi universitet kampusiga tamal toshi qoʻydi.

Mazkur muassasa taʼlim va ilm-fan klasteri shaklida boʻladi. 4 ta institutning moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilgʻor uskunalar bilan jihozlanadi. Sankt-Peterburg togʻ-kon universiteti va boshqa nufuzli dargohlar bilan hamkorlikda taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan suhbatlashdi.

- Bir paytlar Oʻzbekistonda geologiya ancha rivojlangan, raqobatbardosh soha edi. Hatto boshqalar kelib, yurtimiz mutaxassislaridan tajriba oʻrganib ketardi. Lekin oxirgi oʻttiz yilda bu soha eʼtibordan chetda qolib ketdi. Bor salohiyatni saqlab qololmadik. Olimlarga yoʻnalish, ragʻbat boʻlmadi. Zamonaviy kadrlar yetishib chiqmadi. Aslida, geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerak. Tashxissiz bemorni operatsiya qilib boʻlmaganidek, geologiyasiz sanoatni rivojlantirib boʻlmaydi. Biz bugun shu soha rivojiga asos boʻladigan ilm dargohiga poydevor qoʻymoqdamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.


Davlatimiz rahbari Geologiya fanlari universiteti qurilishiga oid loyihalar bilan tanishdi. Oʻquv binolari va laboratoriyalarni chet el tajribasi hamda kasb spetsifikasidan kelib chiqib qurish, maydonlardan samarali foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?