Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tartibi belgilanmoqda

17:12 28 Oktyabr 2020 Siyosat
244 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi uchinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda DNK maʼlumotlari, yaʼni genom axboroti maʼlumotlar bazasi boshqa ilmiy izlanishlarda qoʻllanilishi barobarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda ham samarali vositaga aylanib bormoqda. Ilgʻor texnologiyalarga asoslangan mazkur maʼlumotlar jinoyatlarni fosh etishda yuqori samara keltiradi.

Majlisda deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi fosh etish murakkab, oʻta ogʻir boʻlgan yoki muqaddam ochilmagan jinoyatlarni ochishga koʻmaklashadi, shuningdek, genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi bedarak yoʻqolgan shaxslarni topish imkonini ham beradi.

Parlament quyi palatasining avvalgi majlisida ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilingan qonun loyihasining ayrim moddalari, xususan, qonun qabul qilinganidan soʻng uning kuchga kirishi muddati, biologik qarindoshlar va genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tushunchalari deputatlarning asosli savollariga sabab boʻlgan edi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari bildirgan takliflar asosida qonun loyihasi yana-da maromiga yetkazildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?