General Sobir Rahimovning haykali yana o‘z o‘rniga qaytariladi

10:45 04 May 2018 Siyosat
884 0

Bundan bir necha yil muqaddam general Sobir Rahimovning Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom istirohat bog‘iga ko‘chirilgan haykali yana o‘z o‘rniga qaytariladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Norin tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu haqda ma’lum qildi. Davlatimiz rahbarining e’tirof etishicha, bu tarixiy haqiqatning tiklanishiga xizmat qiladi.

Haykal 1981 yilda tuman hokimiyati ro‘parasida qad rostlagan edi. Toshkent metropolitenining general nomi bilan yuritilgan bekati muayyan sabablarga ko‘ra “Olmazor” deya qayta nomlanganidan so‘ng uning haykali ham boshqa joyga ko‘chirilgan edi.

Sobir Rahimov Ikkinchi jahon urushining shon-sharafga chulg‘angan qahramonlaridan biri sifatida tariximizda muhim o‘rin tutadi. Uning mardlarcha jasurligi va insoniy fazilatlari o‘zbek kinoijodkorlari yaratgan filmlarda, adiblar yozgan asarlarda o‘z aksini topgan. Bu xushxabar yurtdoshlarimiz tomonidan quvonch bilan qarshilanib, ularni mamnun etdi.
Shoyim BO‘TAYEV,
“Xalq so‘zi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?