Gender tenglikka xalal berishi mumkin boʻlgan omillar nimalardan iborat ekanligini bilasizmi?

15:46 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
88 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasining Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar talablaridan kelib chiqadigan va amalga oshiriladigan vazifalar” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz hamda boshqa tashkilot va idoralar mutasaddi rahbarlari, shuningdek, UNFPA, USAID hamda BMT Taraqqiyot dasturi vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari va jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Seminarda soʻz olganlar mamlakatimizda ayollarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va xotin-qizlar huquq hamda manfaatlarini taʼminlash, yurtimizda davom etayotgan muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga saylovlarda ayollarga qaratilayotgan eʼtibor, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotida tutgan oʻrni hamda davlat boshqaruvidagi ahamiyati xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shuningdek, “Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning imkoniyatlarni kengaytirishning xalqaro standartlari”, “Mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”, “Taʼlim va ilm-fan sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”, “Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

— Gender tenglik toʻgʻrisidagi qonun bizga Oʻzbekiston ayollarining barcha sohadagi ishtirokini kuchaytirib beradi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Basitxanova. — Biroq Gender tenglik tushunchasini turlicha talqin qilish, bu tushunchani milliy mezonlarga zid qoʻyish, tabir joiz boʻlsa “bir qop ogʻir yukni erkakning ham, ayolning ham koʻtarishi”ni gender tushunchasi qilib koʻrsatish hollari ham mavjud.

Shuningdek, ayni gender tenglikka ehtiyoj yuqori boʻlgan jarayonlarda tushunib-tushunmasdan ayol manfaatlarini chegaralash hollari ham kuzatilmoqda. Masalan, keyingi paytda Zulfiya mukofotining oliy oʻquv yurtiga kirish boʻyicha imtiyozini bekor qilish borasida takliflar ilgari surila boshlandi.

Lekin yurtimizda oʻgʻil bolalarni, yigitlarni oliy maʼlumot olishi borasidagi imtiyozlar bilan solishtiriladigan boʻlsa, qizlarning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularni oliy maʼlumot bilan qamrab olish borasida hali qoʻshimcha islohotlar zarurligini koʻrish mumkin.

Biroq gender tenglikni taʼminlashning davlat boshqaruvi yoʻnalishiga yondashganda ham koʻr-koʻrona, yaʼni “ayolmi, mana ayol” degan tushuncha bilan salohiyati yuqori boʻlmagan kadrlarni koʻtar-koʻtar qilishga ham yoʻl qoʻymaslik kerak.

Mana shu kabi chuqur tahlillarga asoslanmagan iddao va talablar gender tenglikni taʼminlashga xalal berishi mumkin. Bizda hozirgi kunda gender borasidagi qonunning barcha ijobiy taʼsirlariga ehtiyoj yuqori. Chunki hali birorta hokim ayol yoʻq, vazirlar orasida ayollar kam. Joylarda yuqori va daromadli lavozimlarga ayollarni tayinlamaslikka urinish “amaliyoti”ning taʼsiri hali-hamon seziladi.

Anjumanda ayollarni zoʻravonlik va tazyiqlardan asrash, ularga huquqiy hamda psixologik yordam koʻrsatish, reabilitatsiyasini taʼminlash masalalarida qilinayotgan ishlar xususida ham soʻz bordi. Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmun va mohiyati haqida tushuncha berildi, xotin-qizlarni tazyiq hamda zoʻravonlikdan himoya qilish sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari, Global maqsadlar va Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish Pekin majburiyatlarining bajarilish indikatorlari, sogʻliqni saqlash tizimida xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi va shelterlari tomonidan tazyiq hamda zoʻravonlik jabrdiydalariga koʻrsatilayotgan yordamlar toʻgʻrisida fikr-mulohazalar bildirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?