“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi eʼlon qilindi

18:23 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
197 0

Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi taqdimotiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturining yurtimizdagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, tanlovdan koʻzlangan maqsad – mamlakatimizda gender tenglikka erishish masalasiga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb etish, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Tanlovda har bir yil yakunlari boʻyicha gender tenglikni taʼminlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yoʻnalishda jamiyat rivoji uchun tashabbus koʻrsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, tegishli yoʻnalishda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari qatnashishlari mumkin.

Mazkur tanlov har bir vazirlik, idora, tashkilotda gender tenglikni taʼminlash siyosatini shakllantirish, vazirlik va idoralar faoliyatiga gender yondashuvlarini joriy etishga qaratilgan. Shuningdek, gender tenglikni taʼminlash sohasida davlat va nodavlat tashkilotlarining ilgʻor tajribasini aniqlash, umumlashtirish va targʻib qilish vazifasi ham qoʻyilmoqda.

Tadbirda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Oʻz navbatida, ishtirokchilar tanlovni oʻtkazish muddatlari, hayʼat aʼzolarini belgilash, qatnashchilarni saralash mezonlari hamda taqdirlash marosimini oʻtkazish kabi masalalar yuzasidan ham fikrlar almashdilar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?