Gender masalasi masʼuliyat bilan yondashishni taqozo etadi

17:34 07 Noyabr 2018 Siyosat
693 0
Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining gender masalalari boʻyicha maxsus vakili Melani Vervir boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun aytish joizki, ayni paytda mazkur tashkilotga Italiya raislik qilmoqda.

Oʻzaro muloqotda xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini oshirish yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston va YEXHT institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Gender tengligi sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Mamlakatimiz hukumati tomonidan ayollarning huquqiy maqomini mustahkamlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va tibbiy madaniyatini, intellektual salohiyatini oshirish, huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga alohida ahamiyat berilayotgani qayd etildi.

Soʻnggi yillarda xotin-qizlarning shahar va tuman hokimiyat vakillik organlarida, tadbirkorlik va biznes sohasida, shuningdek, hayotning turli jabhalaridagi faoliyati ancha jonlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida ham ushbu masalaga ustuvor yoʻnalish sifatida qaralgan. Unga koʻra, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, oila va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, ish bilan bandligini taʼminlash, ayollar tadbirkorligining turli shakllarini rivojlantirish boʻyicha aniq maqsad va vazifalar belgilandi.

Uchrashuvda ayollar nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida va xotin-qizlar xalqaro harakatida faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganiga alohida urgʻu berildi.

Mehmon boshchiligidagi YEXHT delegatsiyasi aʼzolari bugun Toshkentda oʻz ishini boshlaydigan “Demokratik yangilanish va modernizatsiyalashda xotin-qizlarning roli: eng yaxshi xalqaro amaliyot va Oʻzbekiston tajribasi” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi. Unda YEXHTning gender masalalari boʻyicha 2004 yildagi Harakatlar rejasida belgilangan oltita ustuvor yoʻnalishi, aʼzo davlatlar tomonidan YEXHT majburiyatlari bajarilishiga hamda xotin-qizlarning gender tengligi va huquqlariga doir masalalarni hal qilish uchun aniq choralar koʻrilayotganiga eʼtibor qaratiladi.

M. Vervir gender tengligi masalasiga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikni eʼtirof etdi. Ayni chogʻda u bu boʻyicha tajriba almashish, ekspertlar koʻmagini tashkil qilishga tayyorligini aytib oʻtdi.

Uchrashuvda bu boradagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.
Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?