Gajdumakliklar 10 yil oldin nimani orzu qilishgandi?

10:10 03 Iyun 2020 Jamiyat
190 0

Buxoroda 262 ming donadan ziyod “aqlli” gaz hisoblagichlar oʻrnatiladi. Maʼlum sabablarga koʻra, tabiiy gazdan uzilgan Gajdumak qishlogʻi aholisi buni oʻn yil muqaddam orzu qilgandi.

Gapni Gʻijduvon tumanidagi Gajdumak aholi punktidan boshlay qolaylik. Aholi koʻp va tigʻiz yashayotgan bu goʻsha hamda uning yon- atrofidagi qishloqlarda bir paytlar yaxshi niyatlar bilan tabiiy gaz taʼminoti yoʻlga qoʻyilgandi. Lekin oradan bir necha yil oʻtib, taʼminotda uzilishlar roʻy bera boshladi, gaz bosimining pastligi odatiy holga aylandi. Xususan, qishki mavsumda odamlar qiynalib qolishdi.

Odamlar turli idorayu hokimlikka dardu hol qilishdi. Ammo qilingan murojaatlar suvga tushgan toshdek izsiz ketdi. Ajablanarlisi,aholi tilida “gaz idorasi” deb ataladigan tashkilotdan kelayotgan “Falon soʻm qarzdorsiz” degan iddaolarning oxiri koʻrinmasdi. Oxir-oqibat aholining oʻzi yoʻlini topdi.Gaz quvurini asosiy trassadan uzib qoʻya qoldi. Masalan, Oqgul qishlogʻidagilar shunday qilishdi. Axir, kim yemagan somsasiga haq toʻlaydi? Bu gaplarga ham chamasi oʻn yil boʻldiyov.

Shundan soʻng viloyatdagi koʻplab qishloqlar qatori Gajdumak aholisini ham suyultirilgan ballonli gaz bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi.

Endi esa asosiy mavzuga oʻtamiz. Kuni kecha Buxoro viloyatida tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga kirishildi. Xonadonlarga «Hududgaz Buxoro» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “aqlli” gaz hisoblagichlar oʻrnatilyapti. Mutaxassislar fikricha, bugungi kunga qadar isteʼmolchilar tomonidan foydalanib kelinayotgan gaz hisoblagich uskunalarining aksar qismi 10 yildan ortiq vaqt mobaynida foydalanilayotgan boʻlib, qiyoslovdan oʻtkazish chogʻida deyarli har ikkinchi hisoblagich qayta toʻliq taʼmirlash yoki maxsus texnik xizmat koʻrsatish zaruriyatini paydo qilyapti. Hatto baʼzilari tiklab boʻlmas holda ekanligi oydinlashmoqda.

Mazkur jamiyat axborot xizmatidan muxbirimizga xabar berishlaricha, bu ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Yangi tizim tabiiy gazni toʻliq, aniq va ishonchli hisobga oladi. Gaz taʼminotidagi yoʻqotishlar kamayadi. ”Zangori olov”dan noqonuny foydalanish holatlari toʻgʻrisida taʼminotchini muntazam tarzda xabardor qilib boradi. ”Aqlli” hisoblagich isteʼmolchilarga sim-karta oʻrnatilgan holda foydalanishga topshiriladi. Maʼlumotlarni real vaqt rejimida markazga yuboradi. Agar toʻlovi tugab qolsa, oʻz-oʻzidan oʻchib qoladi. Isteʼmolchi uyidan chiqmagan holda toʻlovni amalga oshirishi mumkin. Muhimi, u qarzdorlik masalasiga uzil-kesil nuqta qoʻyadi.

Bu maʼlumotlar bilan tanisharkanmiz, beixtiyor yana Gajdumak aholi punktida yashovchilar yodimizga keladi. Gap shundaki, suyultirilgan gaz tabiiy gaz oʻrnini hech qachon bosolmaydi. Ballonli gaz ovqat pishirish, choy qaynatishga moʻljallangan. Shu boisdan havoning salqin, sovuq kunlarida uylarni isitish eng katta muammoga aylanmoqda. ”Burjuyka” pech yoqish uchun koʻmir, oʻtin gʻamlash kerak. Hatto qish gʻamida yoz boʻyi tappi, tezak quritadigan xonadonlar bor. Ammo pechdan chiqqan tutun uyni taʼmirtalab holga tushiradi. Sogʻlikka ham zararli. Xullas, turgan-bitgani xarajat, tashvish. Agar bundan oʻn yilcha muqaddam “aqlli” hisoblagich deganlari hayotimizga kirib kelganida gajdumakliklar tabiiy gazdan mosuvo boʻlishmasmidi, deb oʻylanib qolasan, kishi.

Darvoqe, Buxoro viloyati boʻyicha jami 262 mingtadan ziyodroq “aqlli” hisoblagich oʻrnatilishi belgilangan.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?