Gazeta egasini topdi

13:29 04 Fevral 2019 Jamiyat
432 0

Arxiv foto

— “Xalq soʻzi” gazetasiga chamasi 15 yildan buyon obuna boʻlaman, har bir sonini mutolaa qilib boraman, — deydi Buxoro viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi masʼul xodimi Toʻlqin Hojiyev. — Gazeta ish faoliyatimda juda asqatadi. Maktablardan muallimlar kelib, u yoki bu masalada murojaat qilishadi. Javobini darhol gazeta yordamida topib beraman. Chunki u — ishonchli axborot manbai.

Shu desangiz, “Xalq soʻzi”ga 2019 yil uchun obuna boʻldim-u, ammo gazeta nimagadir qoʻlimga yetib kelmadi. Ancha vaqtgacha bir nimamni yoʻqotib qoʻygandek yurdim. Keyin tahririyatga qoʻngʻiroq qildim. Masala bir zumda hal boʻldi. Anglashilmovchilik yuz bergan ekan...

Gap shundaki, boshqarma bilan Buxoro shahar xalq taʼlimi boʻlimi bir binoda faoliyat koʻrsatadi. Gazetani yetkazib beruvchilar uni boshqarma joylashgan 3-qavatga emas, balki shahar xalq taʼlimi boʻlimi qoʻnim topgan 5-qavatga chiqarib berishgan. Kamchilik darhol bartaraf etildi. Gazeta oʻz egasini topdi.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Agar har birimiz talabchanlik, oʻqib-oʻrganishga ishtiyoqmandlik borasida Toʻlqin aka kabi boʻlganimizda edi, gazetani manziliga oʻz vaqtida yetkazmaslik holatlariga allaqachon chek qoʻyilardi.

Istam Ibrohimov, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?