Gaz “zapravka”lardagi “oʻyin”lar qachon barham topadi?

16:42 23 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
833 0

Illyustrativ foto

Mana, ikki oydirki, siqilgan gaz yetkazib berilishi-yu, uning narxi borasidagi muhokamalar tingani yoʻq. Aholi gaz bosimi pastligidan, uning narxi oshib ketganidan norozi: gaz “zapravka”lardagi “oʻyin”lar qachon tugaydi? Oʻzboshimcha tadbirkorlarning tanobini tortib qoʻyadiganlar yoʻqmi?

Murojaatchilar tomonidan qoʻyilayotgan ana shunday keskin savollar vaziyatni oʻrganish, muammoning asl mohiyatini ochishga undadi.

Hozirgi paytda yurtimizda 692 ta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) faoliyat yuritmoqda. Shu paytgacha, aniqrogʻi, 2018 yilning dekabriga qadar ular faoliyatidan aytarli hech kim norizo boʻlmagan. Fargʻona viloyatidagi AGTKSHlarda uzundan-uzoq navbatlar paydo boʻlganidan soʻng masala yuzaga chiqa boshladi.

Isteʼmolchilarning fikricha, gaz “zapravka”lardagi taqchillikka, narx-navoning oshishiga taʼminotdagi uzilishlar, mahsulot vaqtida yetkazib berilmayotgani ham sabab boʻlmoqda. Bu gaplar qanchalik asosli?

Masalaga aniqlik kiritish uchun dastlab “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga murojaat qildik.

Jamiyat mutasaddilarining aytishicha, havo haroratining keskin sovishi natijasida, haqiqatan ham, 2018 yilning dekabr oyida Fargʻona viloyatidagi mahsulot uzatuvchi magistral quvurlarda tabiiy gaz bosimining tushib ketishi kuzatildi. Bundan tashqari, aholi xonadonlari, “Oʻzbekenergo” AJ tizimidagi strategik ahamiyatga ega korxonalar,iqtisodiyotning real sektoridagi boshqa subyektlarda tabiiy gaz isteʼmoli ortib ketgan. Biroq tabiiy gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan tizimga kunlik yetkazib berilayotgan mahsulot hajmlari esa sezilarli darajada kamaygan. Roʻy bergan shu kabi holatlar, xususan, Fargʻona vodiysiga gaz uzatuvchi quvurlarda bosimning pasayishiga olib kelgan. 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, bu kabi muammolar hal etilib, isteʼmolchilarga belgilangan meʼyorda uzluksiz ravishda tabiiy gaz yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.

Darhaqiqat, buni joylarda AGTKSH faoliyati iziga tushgani, bir necha kilometrlarga choʻzilgan navbatlarning yoʻqligidan ham ilgʻash mumkin. Lekin bosim aynan meʼyoriga tushgandan soʻng narx-navo koʻtarilganini qanday izohlash mumkin?

Narxni oshirishga hech qanday asos yoʻq

Joriy yilning 4 yanvaridan eʼtiboran, 1 kub metr siqilgan gaz narxi 300 soʻmgacha oshib, oʻrtacha 2200 soʻmdan sotilmoqda. Sababini soʻrasangiz, buni qaysi tadbirkor boʻlmasin, soliqdagi oʻzgarishlar, yaʼni qoʻshimcha qiymat soligʻi qoʻllanilayotgani bilan bogʻlaydi. Aslida-chi?

— Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tanlov asosida bir qancha metan gaz quyish shoxobchalarining faoliyati tahlil qilindi, — deydi qoʻmita Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmuriyatchiligi boshqarmasi boshligʻi Aydos Qoshanov. — Unda aniqlanishicha, 2018 yilning 9 oyida 1 kub metr siqilgan gazning oʻrtacha narxi 1650 soʻmdan sotilgan boʻlsa, toʻrtinchi chorakka kelib, 1950 soʻmgacha oshirilgan. 2019 yildan esa hech qanday asossiz ravishda 2200 soʻmgacha sotilmoqda. Natijada gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 2018 yilning 9 oyligidagi 20-29 foizdan 45-60 foizgacha oshgan. Agar ushbu shoxobchalarning rentabellik darajasi 30-36 foiz miqdorida saqlangan taqdirda ham, narx 1800-1900 soʻmdan yuqori boʻlmasligi kerak edi.

Vaholonki, gaz uchun aksiz soligʻi kiritilishi hisobiga 55 soʻm, yagona soliq toʻlov oʻrniga qoʻshilgan qiymat soligʻi, mol-mulk, yer soligʻi va foyda soligʻi kiritilishi natijasida 155 soʻm, boshqacha qilib aytganda, 1 kub metr gaz narxi bor-yoʻgʻi 210 soʻmgacha oshishi ham inobatga olingan.

Soliqchilarning fikricha, daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz toʻldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda. Aslida, narxlarni oʻzgartirmasdan faoliyat koʻrsatilganida ham rentabellik darajasi 25-30 foizni tashkil etarkan. Bu esa iqtisodiyot tarmogʻidagi rentabellik darajasi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir.

Shunday ekan, nega baʼzi tadbirkorlar 2200 soʻmlik narxga ham qanoat qilmayapti?

Bunga aholi oʻrtasida “TAPOiCh zapravka” nomi bilan tanilgan “Rahshona — H.H” MCHJga qarashli AGTKSH misol boʻla oladi. Negaki, bu yerda yil boshidan buyon bir kub metr siqilgan gaz 2250 soʻmdan sotilmoqda.

Uning doimiy mijozlari esa shunga ham shukr qilib olishyapti. Nega deysizmi, bu tadbirkor oʻtgan ylning toʻrtinchi choragida narxni birdaniga 500 soʻmga koʻtarib, 2300 soʻm qilib qoʻygan edi. Hartugul, eʼtirozlardan keyin narx pasaytirilib, 1900 ga tushirildi. Lekin buyam uzoqqa choʻzilmadi.

Tegishli davlat organlari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinadigan tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilib borayotgani haqidagi ogohlantirishlar ham amalda foyda bermayapti. Nega? Yoki sohada biz bilmagan, anglamagan jihatlar bormi? Bunga tadbirkorlarning oʻzlari nima deyishadi?

Tadbirkor foyda koʻrishni xohlaydi. Ammo...

Qiziq jihati, tadbirkorlarning hech biri vaziyatga izoh berishni istamadi. Aniqrogʻi, oʻzlarini olib qochishdi. Ayrimlari esa ochigʻini aytib, bizni moliyaviy ishlarga balogardon boʻlgan bosh hisobchilariga roʻbaroʻ qilishdi.

Rozi boʻldik. Axir, savollarga korxona rahbari yoki boshqaning javob qaytargani emas, balki ularga aniq va joʻyali izoh berilgani muhim.

Sohada koʻp yillardan mehnat qilayotgan mutaxassislarning fikricha, aholi bilib-bilmay, gaz bahosining oshishida tadbirkorlarni ayblashmoqda. AGTKSH shunchaki savdo muassasasi emas, aksincha, ishlab chiqarish subyekti hisoblanadi. Yetkazib berilayotgan tabiiy gaz shu yerda motor yonilgʻisiga aylantiriladi. Yaʼni toʻrt marta tozalanib, shuncha marta siqiladi. Natijada bosim 2 atmosferdan 200 atmasferagacha yetkaziladi.

Biz ularning zahmatli mehnatini eʼtirof qilgan holda, maqsadga koʻchamiz: narx nega oshirildi?

— Tadbirkor qaysi sohada faoliyat yuritmasin, asosiy maqsadi foyda olishdir, xususan, AGTKSHda ham, — deydi Yuqori Chirchiq tumanidagi “Parvoz invest” MCHJ bosh hisobchisi Sevar Xolmatova. — Loyihaga tikkan mablagʻi, texnologik uskunalari uchun olgan krediti shuning hisobidan qoplanadi. Qolaversa, davlatga soliq, ishchi-xodimlarga maosh toʻlaydi. Gaz bahosining koʻtarilishiga esa, birinchi navbatda, limit qoʻllanilgani sabab boʻlmoqda. Masalan, bizning shoxobchaga limit doirasida oyiga 300ming kub metr gaz beriladi, deylik. Unga 800 soʻmdan oldindan toʻlov qilamiz. Odatda, buncha mahsulot 20 kunda sotib boʻlinadi. Keyin tabiiy gazni ikki barobar qimmatga xarid qilishimizga toʻgʻri kelyapti. Birgina 2018 yilda sotilgan gazning 16 foizini limitdan tashqari olganmiz. Ilgari soliq nisbatan kam toʻlaganimiz tufayli oʻrtadagi tafovutni “yopish” qiyinchilik tugʻdirmasdi.

— Hozir-chi, qancha soliq toʻlanadi? Bu narx-navoga qay darajada taʼsir koʻrsatmoqda? — deya soʻraymiz suhbatdoshimizdan.

— 2019 yilgacha isteʼmol va yagona soliq toʻlardik, xolos — deydi S. Xolmatova. — Bu umumiy xarajatlarning 21 foizidan oshmasdi. Soliq sohasidagi oʻzgarishlar tufayli endilikda yer, mol-mulk, suv, daromad, QQStoʻlaymiz. Yana aksiz soligʻi ham qoʻshildi. Shu tariqa davlatga toʻlaydigan soligʻimiz 22 foizga yetdi.

— Bu yerda katta farq koʻrmayapmiz, gaz 1900-1950 soʻmdan sotgan taqdirda nima yutqazasiz, — oʻsmoqchilab soʻraymiz yana.

Gapimizdan jahli chiqqan hisobchi qoʻliga kalkulyator olib, bir kub metr gaz tannarxini hisoblashga tushadi. Biz esa kiprik qoqmay kuzatamiz. Tabiiy gaz 667 soʻm boʻlsa, unga elektr energiyasi uchun 94,45 soʻm, oylik ish haqi va yagona ijtimoiy toʻlovga 112 soʻm, amartizatsiya, yaʼni eskirish summasi 97 soʻm, texnik materiallar xarajati 161,6 soʻm, yer, mol-mulk, suv soliqlariga 22 soʻm, boshqa xarajatlarga 42 soʻm qoʻshadi. Ekranda 1196 soʻm hosil boʻladi.

Hayratimizni anglagan hushyor hisobchi “Hali shoshmang, bunga QQS soligʻini hisoblab, 240 soʻm, aksiz soligʻi uchun 360 soʻm qoʻshamiz” deydi. Shunday qilib, 1 kub metr siqilgan gaz tannarxi 1796 soʻmga aylanar ekan. Agar u eski narxda, yaʼni 1950 soʻmdan sotilganda, tadbirkorga 29 soʻm, 2200 soʻm soʻmdan sotilsa 204 soʻm sof foyda qolar ekan.

Limit qanday belgilanadi?

Aftidan, gaz bahosiga mahsulotning limitdan ortiqcha olinayotgani, sodda qilib aytganda, limitning kamligi katta taʼsir koʻrsatayotganga oʻxshaydi. Bunga “Oʻztransgaz” AJnima deydi?

“Oʻztransgaz” AJ masʼullarining aytishicha, har yili 1 sentyabrga qadar isteʼmolchilarning zaruriy gaz hajmlari toʻgʻrisidagi talabnomalarini yigʻib, ular “Oʻzbekneftgaz” AJga kiritiladi. “Oʻzbekneftgaz” AJ ham, oʻz navbatida, 1 avgustgacha kelgusi yil uchun tabiiy gaz qazib olish, qayta ishlash, uzatish, saqlash, taqsimlash bilan bogʻliq ehtiyoj va texnologik yoʻqotishlarni aniqlaydi.

Xulosalar esa 15 sentyabrga qadar Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga taqdim etiladi. Vazirlik tomonidan tabiiy gaz balansi resurs hajmlari taqsimoti oylik, yillik shaklda tasdiqlanib, “Oʻzbekneftgaz” AJga yuboriladi, soʻng ijrosini taʼminlash uchun “Oʻztransgaz” AJga yetkaziladi.

“Oʻztransgaz” AJ mazkur tabiiy gaz balans hajmlarini hududiy gaz taʼminoti filiallari kesimida hududlardagi AGTKSHning isteʼmol qilgan gaz hajmlaridan kelib chiqib, mutanosib ravishda taqsimlaydi, filiallarga joʻnatadi.

Koʻrinib turibdiki, hammaning oʻz haqiqati bor. Maqsadimiz kim haq yoki nohaq ekanligini aniqlash emas. Tadbirkorlarning faoliyatiga aralashish, gaz narxini pasaytirish shart, degan fikridan ham yiroqmiz. Bozor iqtisodiyoti sharoitida narx-navo talab va taklif asosida shakllanishni esa bilmaydiganlar boʻlmasa kerak. Ammo shuni ham unutmasligimiz kerakki,mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan. Uning tub zamirida aholini rozi qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratishdek ezgu maqsad mujassam.

Shu maʼnoda, respublikamizning ayrim joylarida siqilgan gazning 2000 soʻm yoki 2100 soʻmdan sotilayotgani haqidagi xabarlar eshitib, insofli, xalqqa qayishadigan tadbirkorlar ishidan quvonasan, kishi. Lekin turli hududlardagi shoxobchalarning birvarakayiga, deyarli bir vaqtda bir xil narx belgilashi mulohaza qilishga undaydi. Nahot, ularda sarf-xarajatlar ham bir xil boʻlsa?..

Xulosa qilmaymiz. Ushbu mavzuga yana qaytamiz.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?