Gaz taʼminoti noreal qarz yozadi, MIB undiradi, oʻrtada isteʼmolchi sarson

10:50 05 Mart 2019 Jamiyat
899 0

Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida yashovchi fuqaro Z. Botirova Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan. Murojaat Pastdargʻom tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan oʻrganildi.

Tuman gaz idorasi tomonidan Z. Botirova yashovchi xonadonga 3 900 000 (uch million toʻqqiz yuz ming) soʻm qarzdorlik hisoblangan. Bu qarzdorlik asossiz ekanligi aniqlanib, dalolatnoma tuzilganligiga qaramasdan, tuman MIB xodimlari tomonidan bu hujjat eʼtiborga olinmagan va qarzni toʻlash talab etilgan.

Vaziyat uch tomon ishtirokida oʻrganildi. Gaz hisoblagich koʻrsatkichi asosida hamda toʻlov pattalari qayta hisob-kitob qilinganda, fuqaroning tabiiy gaz isteʼmolidan 65 600 (oltmish besh ming olti yuz) soʻm qarzi borligi aniqlandi. Isteʼmolchi hisobiga yozilgan 3 834 400 (uch million sakkiz yuz oʻttiz toʻrt ming toʻrt yuz) soʻm asossiz qarzdorlik bartaraf etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?