Gaz sohasidagi monopolistning 188 mlrd.soʻmlik noqonuniy harakatlariga barham berildi

11:45 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
161 0

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli mintaqaviy gaz taʼminoti korxonalarining 2018-yil va 2019-yilning 1 choragida tadbirkorlik subyektlariga tabiiy gaz yetkazib berish borasidagi faoliyati oʻrganildi.

Taʼkidlash joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, isteʼmolchining faoliyat koʻrsatish sohasidan kelib chiqqan holda, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tabiiy gaz yetkazib berish va uni narxini shakllantirishni alohida tartibi belgilangan.

Masalan, pishgan gʻisht, sement, asfalt ishlab chiqarish, shuningdek ohaktosh va gipsni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun, restoranlar, kafelar, tantanalar oʻtkaziladigan boshqa obyektlar uchun tabiiy gazning oshirilgan tariflari qoʻllaniladi.

Bundan tashqari, qonunchilikda tarif oʻzgargan holatlarda isteʼmolchi yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan toʻlov toʻlangan kundan eʼtiboran keyingi keladigan 2 oy mobaynida qoʻshimcha toʻlov toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilgan.

Olib borilgan oʻrganishlar natijasida, respublika boʻyicha 8 701 ta holatda mintaqaviy gaz taʼminoti korxonalari tomonidan belgilangan tariflarni asossiz oshirishi va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan oldindan toʻlangan toʻlovlarni hisobga olmaslik kabi qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.

Masalan, Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumanida faoliyat yuritayotgan “Davr metall” MCHJ tomonidan 2018-yilning fevral oyida isteʼmol qilingan 58 157 metr kub tabiiy gaz uchun belgilangan 263,4 soʻm oʻrniga 1000 soʻmdan haq hisoblangan, natijada gaz taʼminoti korxonasi tomonidan 42,8 mln.soʻm asossiz foyda olingan.

Shuningdek, “Gulobod Osiyo Parranda” MCHJ tomonidan 2018-yilning 1-noyabr holatiga 34,4 mlrd.soʻm oldindan toʻlangan summa hisobga kiritilmagan va natijada 2018-yilning 1-noyabridan tariflarni oshishi munosabati bilan jamiyat qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlashdan ozod etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini viloyatlar kesimida koʻradigan boʻlsak, unda quyidagicha boʻladi:

Buxoro viloyati boʻyicha – 300 holatda 407,6 mln.soʻm;

Jizzax viloyati boʻyicha – 620 holatda 1 942,5 mln.soʻm;

Qashqadaryo viloyati boʻyicha – 516 holatda 88 019,9 mln.soʻm;

Navoiy viloyati boʻyicha – 22 holatda 59 150,4 mln.soʻm;

Namangan viloyati boʻyicha – 302 holatda 1 770,2 mln.soʻm;

Samarqand viloyati boʻyicha – 3737 holatda 11 935,0 mln.soʻm;

Sirdaryo viloyati boʻyicha – 56 holatda 119,5 mln.soʻm;

Surxondaryo viloyati boʻyicha – 509 holatda 10 534,1 mln.soʻm;

Toshkent viloyati boʻyicha – 1203 holatda 3 290,4 mln.soʻm;

Fargʻona viloyati boʻyicha – 23 holatda 240,0 mln.soʻm;

Xorazm viloyati boʻyicha – 1413 holatda 10 866,3 mln.soʻmni tashkil etadi.

Umuman olganda, respublika boʻyicha koʻrsatilgan davr mobaynida gaz taʼminoti korxonalari tomonidan jami 188,2 mlrd.soʻm miqdorida asossiz daromad olingan.

Shu munosabat bilan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalariga berilgan vakolatlar doirasida mintaqaviy gaz taʼminoti korxonalariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini buzilishi boʻyicha ishlar qoʻzgʻatildi va asossiz olingan daromadlarni isteʼmolchilarga qaytarish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berildi.

Bugungi kunda mintaqaviy gaz taʼminoti korxonalarida asossiz olingan daromadlarni xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qaytarish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?