Gaz quyish shoxobchalaridagi muammolar qachon barham topadi?

18:12 08 Yanvar 2019 Jamiyat
623 0

“Xalq soʻzi-onlayn"/Nurbek Abdullayev.

Bu safargi kuz/qish mavsumi Fargʻona vodiysidagi haydovchilar uchun anchayin qiyin keldi.

Dekabr oyida mashinalarga gaz quyish shoxobchalarida bosim pastligi oqibatida yuz bergan mashaqqatlar, kilometrlarga choʻzilgan navbatlar tillarda doston boʻldi. Baʼzi shoxobchalardagi “olgʻirlar” narx-navoni sunʼiy ravishda oshirib ham olishdi. Eng qizigʻi, buning uchun ulardan hech kim javobgarlik talab qilmadi.

Tabiiyki, bunday sharoitga koʻpchilikning asabi dosh bermaydi. Odamlar navbat talashib, “san-man”ga bordilar. Hatto jamoat tartibini saqlash, janjal-toʻpolonlarning oldini olishga ichki ishlar organlari xodimlarini jalb etishga ham toʻgʻri keldi. Nihoyat, 31 dekabrdan gaz quvurlaridagi bosim tiklanib, hamma yengil tin olgandek boʻldi.

Ammo Yangi yilning birinchi haftasidanoq haydovchilar yangi sinovga roʻparoʻ kelishdi: gaz quyish shoxobchalarida narx-navo koʻtarilib ketdi. Masalan, Namangan shahri hamda uning atrofidagi shoxobchalarda siqilgan gaz narxi bir kubometr uchun 1750 soʻmdan 2200 soʻmgachani tashkil etmoqda. Savol tugʻiladi; nahotki, bitta mamlakat, bitta viloyat, hattoki bitta shahar miqyosida shunday holatlar yuz bersa?

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan shahar ijro etuvchi apparati vakillari oʻtkazgan monitoringga koʻra, “Bogʻishamol obod” va “Gaz fueling station” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga qarashli shoxobchalarda bir kubometr siqilgan gaz 2100 soʻmdan sotilayotganligi aniqlandi.

Ajablanarsi shundaki, bunday “oʻzi xon, koʻlankasi maydon” “gazfurush”larga qandaydir chora koʻrishga na mahalliy hokimiyat, na Moliya vazirligi mutasaddilari shoshilyaptilar.

Qiziq, bu holat qachongacha davom etarkin? Axir siqilgan gazdan yoqilgʻi sifatida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ish olib boradigan korxonayu tashkilotlar ham foydalanadilar. Oʻz-oʻzidan ular ham mahsulotlari va xizmatlari narxini oshirmaydilarmi keyin?!

— Nafsi oʻpqonga aylangan gaz quyish shoxobchalari egalarining tanobini tortib qoʻyadigan vaqt allaqachon kelgan, — deydi mehnat faxriysi Kamoliddin Sotiboldiyev. — Ularning faoliyati shaffofligini taʼminlash, narx-navo hosil boʻlishi mexanizmlarini oshkor qilish kerak. Qolaversa, yer osti boyliklari kimningdir shaxsiy mulki emas. Yuqoridagi kabi kamchilik va nuqsonlarga qancha tez barham berilsa, shuncha yaxshi boʻladi.

Tahririyat kelgusida bu masalaga yana qaytadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?