Gaz bosimi qon bosimimizni oshirmaydi...mi?

17:08 02 Oktyabr 2018 Jamiyat
1358 0

Qish mavsumida aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan yana bir masala, bu — tabiiy gaz bosimining pasayib ketishi. Negaki, kunlar sovishi bilan “zangori olov”ning alangasi susayib qoladi-da. Bu esa shoshib turgan paytda vaqtingizni oʻgʻirlashi, asabingizni egovlashi turgan gap. Eng ajablanarlisi, oʻchogʻingizda gaz miltillab turgan chogʻda, qoʻshni koʻchadagi uylar oshxonasida “zangori olov” lovillab yonsa...

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatidan maʼlum qilinishicha, tizimga innovatsion texnologiyalar, nou-xaularni tatbiq etish, modernizatsiyalash evaziga bu kabi muammolar oʻz yechimini topmoqda. Haqiqatan ham shundaymi?

Mana bir necha oydirki, Qibray tumanidagi Usmon Yusupov nomli mahallada tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq barcha muammo uzil-kesil bartaraf etilibdi. U yerda yashovchi Komiljon Mahmudjonov, uning qoʻshnilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular gaz taʼminoti xodimlari xizmatidan mamnunligini yashirishmadi. “Zangori olov”ning nazorati va hisob-kitobidan xursand boʻlishmoqda.

Bunga qanday qilib erishildi?

— Gaz taqsimoti tizimidagi jarayonlar nazorati avtomatlashtirilganligi tufayli ana shunday natijaga erishdik, — deydi “Qibraytumangaz” korxonasi muhandisi Aziz Abduazimov. — Gaz tarmoqlarini innovatsion loyihalar asosida modernizatsiya va rekonstruksiya qilish yaxshi samara bermoqda. Misol uchun, Usmon Yusupov nomidagi mahallada isteʼmolchilarni tabiiy gaz bilan taʼminlovchi oʻrta bosimli oltita gaz taqsimlash punkti olib tashlanib, faqat yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti qoldirildi. Unga esa avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorat tizimi oʻrnatildi. Bu mahallaga kirayotgan tabiiy gaz bosimi va hajmi toʻgʻrisida onlayn rejimida maʼlumot olish imkonini beradi.

Darhaqiqat, yangi loyihaning afzalliklari juda koʻp. Jumladan, gaz taqsimlash punkti faoliyatiga tashqi aralashuv boʻlganida dispetcherlik xizmatiga avtomatik ravishda xabar keladi. Taqsimlash punktlariga zamonaviy elektron sanoat gaz hisoblagichlari oʻrnatilgani ham yaxshi samara bermoqda. Mahallaga kirib kelayotgan tabiiy gazning hajmi haqida esa dispetcherlik xizmati onlayn rejimida maʼlumot olmoqda.

Mahalladagi 200 ta xonadonga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatildi. Har bir xonadondagi maishiy gaz sozlash regulyatorlari esa gaz bosimi boʻyicha muammolarni toʻliq bartaraf etadi. Ayni vaqtda gaz hisoblagichlar isteʼmol qilinayotgan gaz hajmi boʻyicha “Billingaz” dasturiga maʼlumotlar kiritib boradi. Hisoblagichlarga maxsus klapanlar oʻrnatilgan boʻlib, ular qarzdorligi mavjud xonadonlarni masofadan turib gaz taʼminotidan uzib qoʻyish imkoniga ega. Eʼtiborli tomoni shundaki, qarzdorligi bor xonadonlar toʻlovini toʻliq amalga oshirgach, ular avtomatik ravishda tarmoqqa qayta ulanadi.

Mahalla gaz taʼminotidagi barcha ishlarni real vaqt rejimida nazorat qilish uchun dispetcherlik xizmatiga maxsus monitor oʻrnatildi. Unda barcha jarayon haqidagi maʼlumotlar jamlanadi.

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislarining aytishicha, bugungi kunda mamlakatimizning bir qator hududlarida, jumladan, Yuqori Chirchiq tumanidagi Shijoat, Samarqand shahridagi Ahillik, Jizzax shahrining Ravalliq va Uchariq mahallalarida ana shunday yangi tizimdan samarali foydalanilmoqda. Hademay bu ishlar boshqa joylarda ham joriy qilinadi. 

Tizimda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, tabiiy gaz taqsimotini yaxshilashga qaratilgan eng samarali va istiqbolli 7 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Tabiiy gazning ishlab chiqarish korxonalaridan to isteʼmolchiga yetkazib berilgunicha boʻlgan hisob-kitob va nazoratni avtomatlashtirish tizimi shulardan biridir.

Ushbu tizim barcha hududda samarali ishlamoqda. Unda ishlab chiqaruvchi korxonalar va magistral gaz quvurlari boshqarmalarining boʻlinish chegaralariga zamonaviy elektron gaz oʻlchash hisoblagichlari oʻrnatilib, dispetcherlik boshqaruv tizimiga ulangan. Maʼlumotlar real vaqt rejimida dispetcherlik xizmatiga kelib tushadi. Yana bir muhim jihati, yirik sanoat korxonalariga, shuningdek, xonadonlarga oʻrnatilgan hisoblagichlarning yagona “Billing” tizimiga ulanganidir. Natijada ishlab chiqarishda inson omili ishtiroki keskin kamaymoqda.

Gaz transporti tizimi ishonchliligini oshirish maqsadida zamonaviy innovatsion diagnostik qurilmaga ega boʻlgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Ular yordamida magistral gaz tarmoqlarini texnik talablar asosida oʻz vaqtida sifatli koʻrikdan oʻtkazish, nuqsonli holatlarni belgilash, himoya zonalaridagi noqonuniy qurilmalarni aniqlash imkoniyati vujudga keldi.

Suyultirilgan gaz taʼminotida yangi innovatsion toʻlov tartibini joriy etish bilan bogʻliq yana bir loyiha koʻpchilik ogʻirini yengil qilishi bilan ahamiyatlidir. Gap shundaki, hozirgi paytda respublikamizda jami 3,1 million aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Mazkur jarayondagi uzilishlarning oldini olish, haqli ravishda aholi eʼtiroziga sabab boʻlayotgan boshqa muammolarni bartaraf etish maqsadida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda. Bunda har bir isteʼmolchi hisob-kitob uchun individual elektr kartalar bilan taʼminlanadi. U esa maxsus dasturga ulanadi. Bu bilan isteʼmolchiga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmi, muddati va hisobini masofadan turib koʻrish va nazorat qilish imkoniga ega boʻlinadi. Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tajriba tariqasida joriy yil yakunigacha amalga oshirish belgilangan ushbu loyiha natijalariga koʻra, uni yaqin kelajakda mamlakat boʻylab joriy etish nazarda tutilmoqda.
Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?