Gaz bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarga qanday barham berish mumkin?

16:35 01 Noyabr 2018 Jamiyat
737 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Harorat pasayib, qish yaqinlashayotgan ayni damlarda axborot oqimlarida gaz bilan bogʻliq noxush xabarlar ham uchray boshladi. Bunga birgina oʻtgan oyda Yangiyoʻlda, Rishtonda va Toshkent shahrida roʻy bergan fojiali voqealarni misol keltirish mumkin. Afsuski, mazkur holatlarda insonlar oʻlimi qayd etildi. Xoʻsh, bunday fojiali hodisalarga nimalar sabab boʻlmoqda?

“Oʻztransgaz” AJ tomonidan hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan “Gazdan toʻgʻri foydalanish-xavfsizligimiz kafolati” mavzuidagi respublika seminarida ana shu haqda soʻz bordi.

Tadbirda gazdan foydalanishda mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi, gaz yonishida xavfsizlik omillari, gaz va gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish tartib-qoidalari, is gazidan zaharlanish va uning oldini olish tadbirlari batafsil tushuntirildi. Ayniqsa, turmushda gazdan xavfsiz foydalanishda tutun moʻri va ventilyatsiya tarmoqlariga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Masalan, tutun moʻrilarning bino tashqarisidagi qismiga qushlarning in qurishi isitish mavsumida katta muammo chiqarishi mumkinligi eslatildi. Shuningdek, gazdan notoʻgʻri foydalanish, gaz asbob-uskunalarining texnik sozligiga eʼtiborsizlik ham baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari boʻlib qolayotganligiga urgʻu berildi.

Seminar doirasida Guliston shahridagi “Mehribonlik uyi”da bolajonlarga gazdan foydalanish tartib qoidalari tushuntirildi hamda ularga “Oʻztransgaz” AJ tomonidan sovgʻalar taqdim etildi. Yangi bunyod etilgan arzonlashtirilgan narxdagi koʻpqavatli uylarning bir necha xonadonlaridagi gazdan foydalanish va gaz asbob–uskunalari koʻzdan kechirildi. Bu yerdagi zamonaviy isitish tizimining tejamkorlik va xavfsizlik borasidagi afzalliklariga eʼtibor qaratildi. “Sevinch” xususiy maktabgacha taʼlim muassasasidagi isitish tizimining avtomatik ish rejimi hamda uning masofadan ham turib boshqarish imoniyatiga egaligi koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi.

Seminar arafasida ijtimoiy tarmoq orqali “Oʻztransgaz” AJ rahbariga murojaat qilgan Guliston shahridagi Bogʻishamol mahallasi 5-uy, 27-xonadonda yashovchi Tursuntosh Ergashevaning murojaati ham OAV vakillari hamda ishtirokchilar kuzatuvida joyida koʻrib chiqildi. Murojaatda u yashayotgan koʻpqavatli uy hamda oʻzining xonadonida gaz bosimi juda pastligini maʼlum qilib, amaliy yordam soʻragan. Muammo sabablari gaz taʼminoti tizimi mutaxassislari tomonidan oʻrganildi. Va tarmoqda tozalash ishlari amalga oshirilgach xonadonda gaz oʻchogʻida talab darajasidagi olov paydo boʻldi.

Tadbirda, shuningdek, gaz quvurlari va tarmoqlaridagi avariya holatlariga olib kelishi mumkin boʻlgan sabablarni, ularning yer ostidagi joylashuv chizigʻi va chuqurligini aniqlashda hamda xavfsiz, tejamkor, avtomatik ish rejimiga ega gaz oʻchoq asbob uskunalari va boshqa qurilmalar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

Maʼlumot uchun, mazkur seminar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan “Aholi oʻrtasida is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bogʻliq vaziyatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar” dasturi ijrosi doirasida boʻlib oʻtdi. Shuningdek, mazkur dasturga binoan “Oʻztransgaz” tizimida2018 yilning 20 oktyabridan 2019 yilning 20 yanvariga qadar “Turmushda gazdan xavfsiz foydalanish oyligi”eʼlon qilindi.

Seminarda Toshkent shahar Mirobod tumani bosh imomi Odil Xolmurodov esa Qurʼoni Karim va hadislarda Ollohning har bir neʼmati oʻlchovli yaratilganligi hamda ularni isrof qilmaslik xususida muqaddas kalomlar kelganligini aytib, xususan, gazdan toʻgʻri foydalanish ham har bir insonning burchi ekanligini aytib oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?