Garovga qoʻyadigan narsasi, kafil boʻladigan odam ham yoʻq shaxs qanday qilib kredit olishi mumkin?

15:56 11 Sentyabr 2018 Jamiyat
574 0
Illyustrativ foto

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida mazkur savolga quyidagicha javob berildi.

Unga koʻra, mazkur masala Aholi bandligini taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (AV. roʻyx. raq. 2975, 22.02.2018 y.) bilan tartibga solinadi.

Nizomga muvofiq, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishini tashkil etish, shaxsiy tomorqa uchastkalarida mahsulot yetishtirish va chorvachilik bilan shugʻullanish uchun banklar tomonidan tuman (shahar)dagi sektor rahbari, tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari – xotin-qizlar qoʻmitasi hamda mahalla fuqarolar yigʻini raislari tomonidan beriladigan tavsiyanoma asosida aholiga 3 oydan 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan, eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha (18 430 000 soʻmgacha) yillik 7 foiz stavkada 3 yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.

Bunda banklar ichki kredit siyosatiga muvofiq qarz oluvchilarga taʼminot turlaridan birini (garov, kafil, sugʻurta polisi) talab qilmasdan blankli (ishonchli) kredit berish huquqiga ega.

Mazkur mikrokreditlar pul oʻtkazish yoʻli bilan ajratiladi. Shu bilan birga maqsaddan kelib chiqqan holda mikrokredit summasining 30 foizi miqdoridagi qismi naqd pul koʻrinishida berilishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?