Gʻalaba bogʻida xalqimiz qahramonligi va matonati aks etadi

16:36 25 Iyun 2019 Siyosat
388 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Olmazor tumanida boʻlib, bu yerda barpo etiladigan Gʻalaba bogʻi yuzasidan koʻrsatmalar berdi. 

Maʼlumki, Oʻzbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga katta hissa qoʻshgan. Shu bois yurtimizda ushbu tarixiy sananing 75 yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Xususan, poytaxtimizning Olmazor tumanida Gʻalaba bogʻini barpo etish rejalashtirilgan.

– Bu bogʻ xalqimizning Gʻalabaga qoʻshgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida maʼlumotlar aks etishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga muvofiq, boqqa kirishda ramziy darvoza shaklida Gʻalaba arkasi bunyod etiladi. Bogʻda urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozitsion majmualar quriladi. Oʻsha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini oʻtaydi. Shuningdek, muzey, kutubxona, Wi-Fi zona, amfiteatr va kinoteatr tashkil etiladi.

Oʻzbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan toʻrt kelini xotirasiga bagʻishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi oʻrnatiladi.

Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligiga tarixchilar va jamoatchilik bilan maslahatlashib, Gʻalaba bogʻining konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Bogʻning maʼno-mazmuni, ekspozitsiyasini chuqur oʻylash kerak. U faqat bayram kunlari emas, yil davomida ishlaydigan boʻlsin. Bu yerga kelgan yoshlar oʻziga bilim, ruh olsin, gʻurur-iftixor tuysin, bugungi tinchlikning qadriga yetib, vatanparvar boʻlib ulgʻaysin, – dedi Prezident.

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?