G‘afur G‘ulom qachon “O‘zbekiston xalq shoiri” bo‘lgan?

18:14 16 May 2018 Madaniyat
591 0
Foto: Voice of Tashkent

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, G‘afur G‘ulom uy-muzeyi hamkorligida G‘afur G‘ulom tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi.
Unda so‘zga chiqqanlar ijodkor asarlari mazmunan teranligi, hajv va falsafaga boyligi, o‘zbek xalqining mentaliteti, urf-odat va an’analari, orzu-armonlarini aks ettirgani bilan alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Jumladan, urush yillarida shoir o‘z ijodining butun haroratini fashist bosqinchilariga qarshi kurashayotgan xalqqa bag‘ishladi, uning muqarrar g‘alabasiga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan she’rlar yaratdi. “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Vaqt”, “Sog‘inish” kabi she’rlar, publitsistik ocherk va maqolalar yozib, xalqni jang va mehnat g‘alabasiga otlantirdi.

G‘afur G‘ulom urushdan keyingi yillarda ham samarali qalam tebratib, yuksak badiiy asarlar yaratdi, publitsistika va adabiyotshunoslikka oid qator ajoyib maqolalarini e’lon qildi. Uning ijodi xalq hayotining shu davrdagi o‘ziga xos yilnomasi o‘laroq namoyon bo‘ldi. Agar G‘afur G‘ulom shu davrda she’riy asarlari bilan faylasuf shoir darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, “Shum bola” qissasi, “Mening o‘g‘rigina bolam” singari hikoyalari bilan xalq turmushi va ruhini yaxshi biluvchi mohir nosir ekanini ham namoyish etdi. 

Adib o‘zbek tarjima maktabining maydonga kelishiga ham ulkan hissa qo‘shdi. U Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir” singari jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga katta mahorat bilan o‘girdi. 

G‘afur G‘ulom O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (1943) edi. Tavalludining 60 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 2000 yilda Vatan oldidagi unutilmas xizmatlari uchun G‘afur G‘ulomga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berildi. Adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bir jildlik “Tanlangan asarlar”i (2003) nashr etildi.

Tadbirda ijodkorning kitoblari, hayot va ijod yo‘li aks etgan fotosuratlar ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?