Gʻafur Gʻulom nomidagi koʻkrak nishoni bilan kimlar birinchilardan boʻlib mukofotlandi?

18:06 12 Sentyabr 2020 Jamiyat
265 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Yoshlarning maʼnaviy dunyosini boyitish, mutolaaga oshno etish va adabiyotga hurmatini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti Gʻafur Gʻulom nomidagi koʻkrak nishonini taʼsis etgan edi. Kuni kecha mukofot ilk bor tantanali tarzda oʻz egalariga topshirildi.

TDYUU Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, koʻkrak nishoni bilan birinchilardan boʻlib Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi direktori Olmos Ahmedova hamda muassasaning ilmiy xodimi Lutfulla Ilhomjonov taqdirlandi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Adiblar xiyobonida oʻtkazilgan tadbirda TDYUU rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilari, adabiyotshunos olimlar, talabalar ishtirok etdi. Mehmonlar Gʻafur Gʻulom haykali poyida toʻplanib, ulugʻ adib xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Shoirning adabiy merosi va ibratli hayot yoʻlini chuqur oʻrganishga doir fikrlar bildirildi.

Gʻafur Gʻulom ijodini keng targʻib etish hamda xotirasini abadiylashtirish boʻyicha Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan qilinayotgan ishlar alohida eʼtirof etildi. Jumladan, oliygohda Gʻafur Gʻulom xonasi tashkil etilmoqda. gafurgulommerosi.uz sayti ishga tushirildi. Tez orada adib haqida hujjatli film suratga olinib, uning shu kungacha eʼlon qilinmagan asarlaridan iborat toʻplam nashr etiladi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Toshkent davlat yuridik universiteti va Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi oʻrtasida memorandum imzolangani ham oʻziga xos voqelikdir. Unga koʻra, universitet muassasani otaliqqa oldi. Ayni vaqtda hamkorlikda uy-muzeyning 3D formatidagi koʻrinishini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

“Bunday tashabbus Gʻafur Gʻulomni jahon uzra tanitishga yordam beradi, Yurtimizda otamning ijodiga yuksak eʼtibor qaratilayotganidan bagʻoyatda xursandman. Bugun koʻksimga taqilgan Gʻafur Gʻulom nomidagi koʻkrak nishoni qalbimni faxrga toʻldirdi. Ezgu saʼy-harakatlari uchun Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiraman”, — deydi Olmos Ahmedova.

Gʻafur Gʻulom nomidagi koʻkrak nishoni bilan oʻqish va ijodda faol talabalar hamda TDYUU professor-oʻqituvchilari taqdirlanadi. Istisno tariqasida mukofot hamkor tashkilotlar vakillariga ham berilishi mumkin. Koʻkrak nishoni sohiblari uchun bazaviy hisoblashning uch baravari miqdorida pul mukofoti koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?