Gʻafur Gʻulom bogʻini modernizatsiya qilish uchun 49 yilga xorij kompaniyasiga berish koʻzda tutilgan – Hokimlik

19:44 07 Iyul 2020 Jamiyat
352 0

Ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi aholi vakillari tomonidan Gʻafur Gʻulom bogʻi oʻrnida yangi turar joylar va biznes markaz qurilishi mumkinligi yuzasidan turli fikrlar bildirilmoqda. Mazkur xabarlarga Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi.

"Yurtdoshlarimizni ishontirib aytamizki, ushbu xavfsirashlar asossiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19.12.2018-yildagi PQ-4067 sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 08.09.2019-yildagi 670-sonli farmoyishiga asosan, Toshkent shahar hokimining 15.08.2019-yildagi 1126-sonli qarori qabul qilinib, unga koʻra Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh koʻchasi 21 manzilida joylashgan Gʻafur Gʻulom madaniyat va istirohat bogʻini 49 yilga BMP Smart Decision Private Limited xorij kompaniyasiga – uni modernizatsiya qilish va jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy parkni barpo qilishga oid investitsion majburiyat bilan berish koʻzda tutilgan.

Modernizatsiya loyihasi oʻz ichiga 80 yillarda oʻrnatilgan eski attraksionlarni yangilariga almashtirishni, shuningdek, bogʻning yashil hududini, bogʻda oʻsayotgan Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi xatlovidan oʻtkazilgan daraxtlarga qoʻshimcha ravishda, yangi daraxtlar bilan toʻldirishni oʻz ichiga oladi. Rekonstruksiyadan keyin bogʻga kirish avvalgiday bepulligicha qoladi.

Jamoatchilikni ushbu loyiha bilan batafsilroq tanishtirish uchun investor vakili bilan uchrashuv tashkil etiladi. Uchrashuv sanasi haqida qoʻshimcha tarzda xabar beramiz", deyiladi vazirlik axborotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?