FVV Oʻzbekiston hududlaridagi kuchli yogʻingarchiliklar haqida axborot berdi

04:51 09 Aprel 2019 Jamiyat
654 0

Illyustrativ foto

2019-yil 5 — 7-aprel kunlari Oʻzbekistonda hududlarida kuchli yogʻingarchiliklar boʻlib oʻtdi. Ushbu yogʻingarchiliklar bahor oylarida bir oyda yogʻadigan yogʻin miqdori bir necha soat ichida yogʻib oʻtganligi natijasida Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlardagi sel toshqin yoʻllaridagi ayrim xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan. Bu haqda FVV xabar berdi.

Yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy FVDqT xizmatlari kuch vositalari jalb qilinib, yomgʻir suvlari kirgan xonadonlarning tomorqalaridan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilgan.

Shuningdek, holat yuzasidan viloyatlar hokimliklarida shtab ishi tashkil etilib, yomgʻir natijasida viloyat hududida yuzaga kelgan vaziyatga aniqliklar kiritilmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Langar qishlogʻidagi 25 ta aholi xonadonlarining yordamchi uylariga va hovlisiga sel suvlari chiqqanligi aniqlanib, yigʻilib qolgan har xil shox-shabbalardan, loyqalardan tozalangan.

Chiroqchi tumani: “Bogʻishamol” MFY, “Pakandi” MFY, “Qahramon” MFY, “Chiljivut” MFY hududlaridan oqib oʻtuvchi “Qashqadaryo” daryosi qirgʻogʻi yaqini yashovchi aholining yordamchi tomorqalari hamda “Navroʻz” MFY Navroʻz qishlogʻining yuqori qismidan kelgan sel suvlari qishloqdagi jami 8 ta aholi xonadonlarining tomorqalariga toshib kirganligi sababli tuman ishchi guruhi tomonidan oʻrganilganda yer tomorqalarining kadastr hujjatlari mavjud emasligi, noqonuniy tarzda ekin maydoniga aylantirgani aniqlangan.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumani: 2019-yil 5-aprel kuni soat 02.40 dan 03.25 ga qadar hududda koʻp miqdorda yomgʻir yogʻishi natijasida, “Qoʻshchinor”, “Qorizarab”, “Bogʻchakalon” MFY hududidan oʻtuvchi soy yoʻli orqali Urganja qishlogʻi “Saroy”, “Mirdosh”, “Uchqara”, “Guliston” MFY jami 132 xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan.

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani: “Moltob” va “Lalmikor” QFY hududidan sel oqib oʻtgan. “Oqtosh” QFYdagi 8 ta xonadon hamda “Nurliquyosh” qishlogʻidagi bitta xonadon tomorqasi va hovlisiga suv kirgan.

“Moltob” QFY Yangiqishloq koʻchasida joylashgan jami 6 ta xonadonga qisman yomgʻir suvlari kirib, qoʻshimcha binolar (molxona, ayvon, oʻtinxona, hojatxona) qisman zarar koʻrgan boʻlib, bugungi kunda “Moltob” QFY oqsoqoli va mahalla faollari tashabbusi bilan hovlilar, tomorqa va koʻchalarda hashar yoʻli bilan tozalash ishlari olib borildi.

“Koʻkgumbaz” QFY hududidan oqib oʻtgan Qorasoydan yomgʻir suvlari kelishi oqibatida jami 8 ta xonadonning qoʻshimcha binolari (molxona, garaj, ayvon, tandirxona) hamda xonadon tomorqalariga qisman suv oqimi kirgan boʻlib, kelgusida Qorasoyda yomgʻir suvlari toshishini oldini olish maqsadida, soyning oʻng qirgʻogʻida 600 metr, chap qirgʻogʻida 200 metr masofada tozalash ishlari olib borildi.

Samarqand viloyatining Samarqand shahri hududida 5-aprel kuni surunkali yomgʻir yogʻishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 7-aprel kuni viloyat hokimi topshirigʻiga asosan, viloyat FVB, IIB, Arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi, Samarqand shahar hokimligi, Kadastr xizmati, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Gaz va Elektr taʼminoti xizmatlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, Samarqand shahridagi Abdurahmon Jomiy, Mahmud Koshgʻariy, Obi Raxmat, Boʻstonsaroy, Dagbit, Istiqbol, Mir Said Baraka, Roʻdakiy, Motrid, Buyuk Ipak yoʻli, Zarafshon temir yoʻl stansiyasi koʻchalarida joylashgan yakka tartibdagi aholi hovlilarining yomgʻir suvlaridan zarar koʻrgan aholi xoʻjaliklarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish tadbirlari olib borilgan.

Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumani: 2019-yil 5-aprel kuni soat 16.35 dan 18.20 ga qadar hududda yomgʻir yogʻishi natijasida Surxon temir yoʻl stansiyasi hududiga yomgʻir suvi toʻplangan. Temir yoʻlga zarar etmagan. Termiz — Toshkent yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezd 55 minut ushlab turilgan. Shu bilan birga, “Markaziy Surxon” MFYdagi 7 ta, “Avlod” MFYdagi 6 ta va “Oʻrikli” MFYdagi 6 ta hovliga yomgʻir suvlari kirgan.

Qumqoʻrgʻon tumani: 2019-yil 5-aprel kuni soat 16.35 dan 18.20 ga qadar hududda yomgʻir yogʻishi natijasida, “Arpapoya” MFY hududidan oʻtuvchi Bobotogʻ kanalidan suv toshib, 7 ta xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan.

Respublika boʻyicha talafotlarni bartaraf etish uchun FVDqT xizmatlarining 605 nafar xodimi va 115 ta texnikasi jalb etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?