Futzal bo’yicha O’zbekiston MTJ va Zaif eshituvchilar terma jamoasi a’zolari taqdirlanishdi

16:39 12 Mart 2018 Sport
618 0

Bugun O’zbekiston futbol Assotsiatsiyasida Xitoy Taypeyida bo’lib o’tgan Osiyo chempionatida bronza medallarini qo’lga kiritgan futzal bo’yicha O’zbekiston milliy terma jamoasi va Taylandda o’tgan 18 yoshgacha bo’lgan Zaif eshituvchilar o’rtasidagi Jahon chempionatida g’alaba qozongan futzalchilarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Marosimda O’zbekiston milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti va O’FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, O’FA mas’ullari, futzalchilar va OAV vakillari ishtirok etishdi. 
Xabaringiz bor, futzal bo’yicha milliy terma jamoamiz Xitoy Taypeyidagi Osiyo chempionatida 3-o’rin uchun bahsda Iroq terma jamoasini mag’lub etib, bronza medallarini qo’lga kiritishgandi. Ushbu yuksak natijaga erishgan futzal terma jamoasining har bir a’zosiga 24 564 000 so’m miqdorida mukofot puli berildi.   
O’tgan yili Taylanda o’tgan U-18 World Deaf Futsal Championship — futzal bo’yicha zaif eshituvchilar o’rtasidagi Jahon chempionati g’olib chiqqan futzalchilar esa ushbu ajoyib g’alaba uchun 15 dekabr kuni O’zbekiston futbol federatsiyasida bo’lgan marosimda mukofotlanishgan edi. O’shanda har bir futzalchiga 2 000 000 so’m miqdorida mukofot puli taqdim qilingan. Shuni ham alohida ta’kidlab o’tish kerakki, U-18 World Deaf Futsal Championship norasmiy musobaqa bo’lib, FIFA tasnifiga kirmaydi. 
O’zbekiston futbol Assotsiatsiyasi qaramog’ida esa faqat FIFA tasnifiga kiruvchi terma jamoalar bo’ladi. Shunga qaramay, U-18 World Deaf Futsal Championship — futzal bo’yicha zaif eshituvchilar o’rtasidagi Jahon chempionatida g’olib chiqib, Vatanimiz bayrog’ini yuksakka ko’targani uchun yosh futzalchilarga O’zbekiston futbol Assotsiatsiyasi yana bir bor mukofot pullari taqdim qilishga qaror qildi. Bu safar Zaif eshitiuvchilar terma jamoasining har bir a’zosiga 16 376 000 so’m miqdorida mukofot taqdim qilindi. 
Futzalchilarga mukofot pullarini O’zbekiston milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti va O’FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirdi.
"Qo’lga kiritilgan yuksak natijalar bilan barchangizni yana bir bor tabriklayman. Erishilgan bu yutuqlar bilan to’xtab qolmanglar. Oldinga intilishda davom etinglar. Buning uchun O’zbekiston futbol Assotsiatsiyasi barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Barchamiz bir oila bo’lib, birgalikda harakat qilsak, bundan ham katta natijalarni qo’lga kiritamiz", - dedi Umid Ahmadjonov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?