Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

23:15 16 Mart 2018 Hujjatlar
942 0
Foto: Vseprosport.ru

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo‘yicha trener va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5368-son Farmoniga muvofiq: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va “O‘zbekneftgaz” AJning: 

“Bunyodkor” stadionini barcha bino va inshootlari majmuasi bilan birga (keyingi o‘rinlarda “Bunyodkor” stadioni deb yuritiladi) futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini tashkil qilish va sport musobaqalari va boshqa tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining asosiy bazasi etib belgilash; 

istiqbolli yosh futbolchilarni keyinchalik professional tarzda tayyorlash hamda futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish maqsadida joylarda ularni tanlab olish (seleksiya) ishlarini amalga oshiruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini tashkil qilish; 

bolalar va o‘smirlar sport maktablariga ishga qabul qilinadigan futbol bo‘yicha trenerlar nomzodlarini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan majburiy kelishish tartibini joriy etish; 

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Futbol bo‘yicha trener va hakamlarni tayyorlash respublika maktabini tugatib, futbol bo‘yicha trener va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish vazifasini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuklash; 

O‘zbekiston Futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallarini tugatish hamda bo‘shagan mablag‘larni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yo‘naltirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

2. 2018 – 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining: 

fuqarolar yig‘inining voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiyasi rahbarlari vazifasini fuqarolar yig‘inlari raislari o‘rinbosarlari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilar zimmasiga yuklash; 

fuqarolar yig‘inlari raislarining o‘rinbosarlari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin. 

4. Belgilab qo‘yilsinki, fuqarolar yig‘inlarining voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiyalari: 

futbol va boshqa sport turlarini ommalashtirish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, mahallalarda istiqomat qiluvchilar orasidan istiqbolli va iqtidorli bolalar va yoshlarni tanlab olish (seleksiya) ishlarini tashkil etish masalalarida tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari, sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi; 

mahallalarda futbol maydonlari va boshqa sport inshootlarini obodonlashtirishda mahalliy davlat hokimiyati organlari, tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga ko‘maklashadi. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda: 

mahallalarda futbol maydonlari qurilishini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlarida qurilishini nazarda tutuvchi “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturini; 

fuqarolar yig‘inlari raislarining o‘rinbosarlari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarni moddiy rag‘batlantirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarorlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

6. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklarining: 

homiylik mablag‘lari va Farg‘ona viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalarini moliyalashtirish manbasi etib belgilagan holda, 
o‘zbek futbolining 105 yilligiga bag‘ishlab Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida zamonaviy futbol stadioni qurish; 

homiylik mablag‘lari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mablag‘lari va Toshkent viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalarini moliyalashtirish manbasi etib belgilagan holda, sud tomonidan davlat daromadiga o‘tkazilgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Sijjak” dam olish maskani negizida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qo‘qon shahrida futbol stadioni qurilishini va Bo‘stonliq tumanida o‘quv-mashg‘ulot bazasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini tanqidiy o‘rgansin va natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga: 

ularning negizida 14 ta hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini tashkil qilish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufiga o‘tkazish hamda amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolishni; 

futbol bo‘yicha boshqa davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarini hududlarda sport turlarini rivojlantirish zarurati 
va ustuvorligini inobatga olgan holda, boshqa olimpiya va milliy sport turlari, shu jumladan sportning o‘yin turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga qayta ixtisoslashtirishni; 

bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga, shuningdek, qayta ixtisoslashtirilayotgan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga beriladigan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlashni bosqichma-bosqich amalga oshirish dasturini tasdiqlashni; 

ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlaridagi futbol bo‘limlarini qisqartirish va bo‘shayotgan o‘quvchi qabul qilish kvotalarini olimpiya va milliy sport turlariga, shu jumladan sportning o‘yin turlariga yo‘naltirishni; 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini “Bunyodkor” stadioniga joylashtirishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritsin. 

8. Belgilab qo‘yilsinki: 

“Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MChJ “Bunyodkor” stadionidan foydalanuvchi tashkilot hisoblanadi; 

“Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MChJni (keyingi o‘rinlarda – Direksiya), shuningdek, “Bunyodkor” stadionini saqlash va undan foydalanish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari “O‘zbekneftgaz” AJ va Direksiya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi; 

“O‘zbekneftgaz” AJ bir oy muddatda “Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi” MChJning ta’sis hujjatlariga Direksiya O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida faoliyat yuritishini nazarda tutgan holda tegishli o‘zgartishlar kiritilishini ta’minlasin. 

9. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Moliya vazirligining quyidagi mablag‘larni: 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining sport va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar respublika Kalendar rejasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘larini; 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag‘larini; 

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini; 

homiylar va xayriya qiluvchilarning mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘larni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faoliyatini va unga yuklatilgan vazifalarni moliyalashtirish manbalari etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

10. 2023 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar: 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, "O‘zbekiston Professional futbol ligasi" jamoat birlashmasi va professional futbol klublari – barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni; 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, "O‘zbekiston Professional futbol ligasi" jamoat birlashmasi va professional futbol klublari – belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq futbol bo‘yicha sport ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlaridan tashqari); 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, "O‘zbekiston Professional futbol ligasi" jamoat birlashmasi va professional futbol klublari tomonidan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinsin. 

11. Belgilab qo‘yilsinki: 

foyda solig‘ini hisoblashda yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, "O‘zbekiston Professional futbol ligasi" jamoat birlashmasi va professional futbol klublarining faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan homiylik va xayriya yordami shaklidagi mablag‘lar summasiga, biroq soliq solinadigan foydaning o‘n foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytiriladi; 

futbol bo‘yicha mashg‘ulot va yig‘inlarni o‘tkazish vaqtida futbolchilar va boshqa mutaxassislar (trener, hakam, instruktor), shu jumladan xorijiy mutaxassislarning sport oziq-ovqatlari bilan ovqatlanishini, shuningdek, ularni mukofotlash (rag‘batlantirish)ni tashkil etishga sarflanadigan mablag‘lar jismoniy shaxslarning daromadlari hisoblanmaydi. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga ko‘ra xorijdan jalb etiladigan mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmagan holda kirish vizalarining rasmiylashtirilishini ta’minlasin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga ko‘ra xorijdan jalb etiladigan mutaxassislarga davlat boji undirmagan holda ko‘p martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishi, berilishi va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishi va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga ko‘ra o‘rnatilgan to‘lovlarni undirmagan holda O‘zbekiston Respublikasiga chet el mutaxassislarini jalb etishga ruxsatnomalar berilishi (uzaytirilishi)ni, shuningdek, ko‘rsatilgan chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishi (uzaytirilishi)ni belgilangan tartibda ta’minlasin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya 
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Bunyodkor” stadionining O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi balansiga o‘tkazilishini ta’minlasin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Adliya vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda: 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmalarining rahbariyati va ma’muriy tarkibi (apparati)ning namunaviy tuzilmasini yangilash, shuningdek, ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmini takomillashtirish; 

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q. V. Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh. X. Israilov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi U. M. Axmatjanov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O. B. Murodov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti            SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 16 mart 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?