Futbol tarixiga sayohat: Axbor Imomxoʻjayevning yangi kitobi dunyo yuzini koʻrdi

18:01 16 Aprel 2019 Sport
411 0

Bugun Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida Axbor Imomxoʻjayevning “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” nomli kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Taniqli futbol faxriysi, oʻzbek futbol sharhlovchiligi maktabining asoschilaridan biri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, Respublika toifasidagi hakam, “Oltin qalam” milliy mukofoti laureati, xalq taʼlim aʼlochisi Axbor Imomxoʻjayev ushbu kitobni oʻzbek futbolining 100 yilligiga bagʻishlab chop etdi.

Taqdimot marosimida turli yillarda Oʻzbekiston futbol federatsiyasini boshqargan mutassaddilar Geliy Sogonov (XX asr 80-yillar), Abduhoshim Mutalov (1992-95 yillar), Zokirjon Almatov (1995-2005 yillar) va bugungi kunda Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti va OʻFA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, shuningdek, MOQ hamda OʻFA rahbariyati va jamoasi, sport faxriylari, muallifning yaqinlari hamda hamkasblari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joiz, kitob Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi koʻmagi ostida nashrdan chiqdi. Unga kirish soʻzi MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan yozilgan.

800 sahifadan iborat ushbu kitobda oʻzbek futboliga oid koʻplab tarixiy materiallar, xotiralar, qiziqarli faktlarni koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, unda futbolimiz tarixida yorqin iz qoldirgan murabbiy, futbolchi, hakam, mutaxassis va sport jurnalisti sifatida faoliyat olib borgan mashhur insonlar haqida ham qator qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Bu haqida tadbir davomida soʻzga chiqqan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov alohida toʻxtalib oʻtdi.

“Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi boshqaruviga kelgan dastlabki kunlarimdanoq Axbor ota bilan uchrashib, ularning 10 yildan koʻproq vaqt davomida oʻzbek futboli tarixini oʻzida mujassam etgan katta kitob-ensiklopediya yozganlaridan xabar topgandim. Ochigʻi bundan juda taʼsirlangandim, chunki butun bir millat futboli xaqida kitob yozish, yosh avlodga oʻzbek futboliga poydevor qoʻygan mutaxassislar xaqida hikoya qilib berish, ular nomini tarixga muxrlash har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bu juda katta mehnat, iroda, kuch-gʻayrat va albatta vaqt talab qilishini barchamiz yaxshi tushunamiz. Shukrki, bugun ana shu kitob nashrdan chiqdi. Oʻzbek futboli tarixida xali bu qadar katta, ensiklopedik xarakterga kitob chop etilmagandi va bu borada “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” kitobi birinchi boʻldi. Fursatdan foydalanib, Axbor otaga yurtimiz futbol ahliga ana shunday noyob adabiyot tortiq etganliklari, qolaversa qilgan mashaqqatli mehnatlari, oʻtkazgan uyqusiz tunlari uchun Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi nomidan chukur tashakkur izhor qilaman”, – dedi Umid Ahmadjonov.

Kitob “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan boʻlib, uni futbol ensiklopediyasi deb ham atash mumkin. Unda siz hech qayerdan topolmaydigan noyob va qimmatli maʼlumotlarni uchratishingiz mumkin. Tadbirda ishtirok etgan nashriyot bosh direktori Erkin Abdurahmonov muallifning 12 yillik mehnat mahsuli oʻzbek sportining rivojiga ulkan xissa qoʻshishini aytib oʻtdi.

“Odatda sport sharhlovchilarida chiroyli nutq va soʻz boyligi koʻp deyishadi. Ammo shunday paytlar boʻladiki, hayajon sabab soʻz topa olmaysan. Hozir aynan shunday vaziyatdaman. Yoshlik yillarimda, bir kun kelib oʻzbek futbolining rivojiga xissa qoʻshgan insonlarga oʻz minnatdorchiligimni izhor etgan holda ularga dastxatim tushirilgan kitob sovgʻa qilishni orzu qilardim. Bugun mana shu orzuyimga yetishmoqdaman. Xudo kuch-quvvat berib, sogʻ yursam, nafaqat futbol, balki sanʼatning opera yoʻnalishi haqida ham kitob yozmoqchiman. Bugun taqdimoti oʻtayotgan kitobim 1912 yildan boshlangan oʻzbek futboli tarixini oʻz ichiga oladi. Unda futbolimiz rivojiga xissa qoʻshgan 261 nafar shaxs tilga olib oʻtilgan. Fursatdan foydalanib, uning chop etilishida yordam bergan MOQ prezidenti va OʻFA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovga oʻz minnatdorchiligimni bildirib qolaman”, – dedi Axbor Imomxoʻjayev.

Taqdimot marosimining soʻngida Axbor ota oʻzbek futbolining rivojiga qoʻshgan xissasi uchun bir qator faxriy insonlarga yangi nashrdan chiqqan kitobi va oʻzi tayyorlab kelgan esdalik sovgʻalarini taqdim qildi. Ana shunday sovgʻalar shuningdek, Birodar Abduraimov, Mirjalol Qosimov va Ravshan Ermatov kabi futbolimiz yulduzlariga ham nasib etdi.

“Sportga bogʻliq mana shunday tadbirda ishtirok etganimdan mamnunman. Bu oʻzbek futboli uchun unutilmas kun. Boisi biz bilgan, biz sevgan Axbor ota Imomxoʻjayev oʻzbek futboliga oid yana bir katta kitobini taqdim qildilar. Tarixsiz kelajak yoʻq deyishganlaridek, yosh futbolchilarimiz oʻtmishdagi qahramonlari haqida maʼlumot olishlarida ushbu kitobning oʻrni beqiyos. Ustoz Axbor Imomxoʻjayevga ajoyib sovgʻa uchun tashakkur aytib qolmoqchiman. Albatta, bu kishi ijoddan toʻxtamay, charchamasdan, sogʻ-omonlikda mana shunday noyob kitoblar ustida ish olib borishlarini xohlab qolardim”, – dedi Ravshan Ermatov.

Taʼkidlash lozimki, Axbor Rustamovich ushbu kitob ustida roppa rosa 12 yil ishladilar. Oʻzbek futboli ensiklopediyasi, deb atash ham mumkin boʻlgan mazkur adabiyotning chop etilishi nafaqat muallif hayoti, balki oʻzbek futboli tarixida ham muhim ahamiyatga ega. Taqdimot yakuniga yetgach, mehmonlar ushbu durdona kitobni xarid qilib, muallifning oʻzidan esdalik uchun dasxat qoʻydirib olishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?