”Futbol menga hamma narsani berdi. Papiros esa qariyb hammasini tortib oldi”, degan inson kim edi?

10:54 24 Aprel 2020 Sport
443 0

Yoxan Kroyf dunyo futboli ravnaqiga behad katta hissa qoʻshgan inson sanaladi. Uni “total” futbolning yorqin vakili deya eʼtirof etishadi. Oʻtgan asrda gullab – yashnagan “Barselona” klubining qoʻlga kiritgan yutuqlari bevosita uning nomi bilan bogʻliq.

Tabiiyki, hozirgi avlod uning oʻyinlarini tomosha qilgan emas.Ammo telelavhalardan ham shundoq koʻrinib turadi: Yoxan Kroyff oʻta talantli futbolchi edi. Yoxan maydon boʻylab yugurmas, goʻyoki qushday uchar edi. Uning toʻp bilan ajoyib muomalasini koʻrib, oʻzingiz sezmagan holda bu iqtidor sohibini yaxshi koʻrib qolardingiz. Odatda, yirik jussali futbolchilar toʻp bilan muomalada qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ular bosh bilan durust oʻynashlari mumkin, ammo aldamchi harakatlarga kelganda koʻp holda toʻpni yoʻqotib qoʻyishadi. Buning kichik bir misoli terma jamoamiz aʼzosi Igor Sergeyevdir.

Bilasiz, u bosh bilan yaxshi oʻynaydi,biroq raqib himoyachilarini aldab oʻtishga kelganda texnikasi pand beradi. Kroyf ham baland boʻyli edi. Lekin texnikasi shu darajada yuqori ediki, unga raqibning bir necha himoyachisini aldab oʻtish hech bir muammo tugʻdirmasdi. Unda romantika pragmatika bilan uygʻunlashib ketgandi. Juda aqlli futbol namoyish etar, toʻpni oʻz izmiga boʻysundirish hadisini olgandi. Maydonning istalgan joyida hoziru nozir edi.

”Uchar golland” degan nom unga ayni shu jihatlari uchun berilgandi. Bu fazilatlar unga shon- shuhrat olib keldi. Qahramonimiz uch marta “Oltin toʻp” sohibi boʻldi. Uning jamoaviy va individual yutuqlarini sanasak, ehtimolki, bir qogʻozga sigʻmas.

Kroyf toʻp surgan davrdagi Gollandiya terma jamoasini hatto magʻlubiyatga uchraganidan keyin ham olqishlashardi. Shu oʻrinda 1974-yilda Germaniyada boʻlib oʻtgan jahon chempionatini eslash oʻrinlidir. Mazkur mundial finalida nemislar Gollandiya terma komandasiga qarshi maydonga tushgandilar. Myunxenda oʻtgan oʻta keskin va hayajonli bahsda Kroyf boshchiligidagi gollandlar alamli magʻlubiyatga uchrashdi. Lekin maydondagi ishqibozlar, teleekran qarshisida turib oʻyinni tomosha qilgan muxlislar ularga tasanno aytdilar. 14-raqam ostida toʻp surgan Kroyf haqli tarzda ushbu nufuzli turnirning eng kuchli futbolchisi deb topildi. Alamli magʻlubiyat uchun kichik bir tovon toʻlangandek edi bu. Ammo eʼtirof qahramonimiz koʻngliga tasalli bera olmadi. Bera olmasdi ham. Chunki Kroyf hech qachon individual yutuqlarni jamoaviy muvaffaqiyatlardan ustun qoʻygan emas. Yoxan uchun faqat bir pogʻona — birinchi oʻrin mavjud edi, xolos. Qolganlarini esa u tan olmasdi.

Shunchaki gʻalaba qozonish qahramonimiz uchun qiziqarli emasdi. U doimo chiroyli va aqlli tarzda yutib chiqishga intilardi. Murabbiylik faoliyatiga oʻtganidan keyin ham shogirdlaridan xuddi shuni talab qilgandi. Kroyf qoʻli ostidagi “Barselona” chinakam sanʼat namunasi edi. Komandaning juda chiroyli va mazmunli oʻyini zamirida Kroyfning mashaqqatli mehnati yotgani shundoq sezilib turardi. Bu jamoani shakllantirish uchun u atigi bir necha mavsum vaqt sarfladi. Hozir shu haqda oʻylarkansan, janjalkash Stoichkov, feʼl – atvori bahor havosini eslatuvchi Romario kabi injiq futbolchilarni bir jamoa atrofida jipslashtirish unga oson kechmaganini his etasan, kishi. Tarkibda xarakteri ogʻir boshqa futbolchilar ham topilardi. Uning futbolchilari ehtimolki, maydon tashqarisida doʻst tutinishmagandir, ammo oʻyin paytida yaxlit bir jamoaga aylanishar, bir-birlarini soʻzsiz tushunib, raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirishmasdi. Ayni shu nuqtai-nazardan Kroyfning trenerlik qobiliyatiga tan bermaslikning iloji yoʻq.

— Futbol bu juda oddiy oʻyin, — deya taʼkidlardi Kroyf. — Toʻpni yoʻqotish ehtimolini yuzaga keltirib, uni 50 metr olisga uzatishning nima hojati bor? Uni oʻzingga yaqin turgan sherigingga uzatsang, bas. U oʻz navbatida yonidagi sherigiga oshiradi. Oddiylik va tezlik raqibni chalgʻitib qoʻyishi tayin.

Uning “Barselona”si xuddi shunday oʻynardi. Yengil va ishonchli. Jamoa maydonda qushdek harakat qilardi. Yoʻq, Kroyf shogirdlaridan maydonda 90 daqiqa davomida yugurishni talab qilmasdi. U futbolchilaridan toʻpni maydon boʻylab “yugurtirishni” soʻrardi. Faqat tez – tez. Bu aslida hozirgi “Barselona”ning oʻyin uslubidir. Faqat Kroyfning sadoqatli shogirdi Xosep Gvardyola (hozir u “Manchester Siti” ustozi) uni yangilagan, boyitgan, zamonaga moslashtirgan, xolos.

Kroyfning trenerlik faoliyati futbolchilik karyerasiga nisbatan qisqa davom etdi. U oʻn yil ichida ikkita yirik klubni boshqardi. ”Ayaks” hamda “Barselona”ni, albatta. 1990-yillarning boshida “Barselona” ispan, umuman, Yevropa futbolida gegemonlik qildi, desak, xato boʻlmaydi. Kroyf boshqargan “Barsa” toʻrt mavsum davomida turnir jadvalida karvonboshilik qildi. Bu aytishgagina oson. Oʻsha kezlarda ispan chempionatida gʻalabaga daʼvogar klublar oz emasdi. Biz hozir Kataloniya klubining yengilmasligiga koʻnikib qolganmiz. Vaholonki, oʻsha kezlarda “Barselona” choʻqqilarni zabt etishga chogʻlangan koʻplab jamoalardan komandalarning biri sanalardi.

Kroyf qoʻli ostida “Barselona” sakkiz mavsumda 11 ta sovrinni qoʻlga kiritdi. Bu esa uni klubning oʻtgan asrdagi eng yaxshi treneri deya tan olinishiga sababchi boʻldi. U chempionlik shon-shuhrati bilan klubdan ketdi. Murabbiylik qilish unga shunchaki qiziqarli boʻlmay qoldi. Bir jihati uni tushunish mumkin edi. Qoʻlga kiritish mumkin boʻlgan barcha sovrinlarga olgach, murabbiylik qilishga qiziqish soʻnishi aniq. Kroyfning toʻsatdan murabbiylikdan ketishining yana bir sababi bor. U haddan ziyod koʻp papiros chekardi. Oqibatda sogʻligiga jiddiy ziyon yetdi. ”Futbol menga hamma narsani berdi. Papiros esa qariyb hammasini tortib oldi", — degandi bir intervyusida Kroyf.

1991-yilda u yuragini operatsiya qildirdi. Shundan keyin papiros chekmay qoʻydi. Kroyf bu zararli odatni ham yengib oʻtishning uddasidan chiqdi. Lekin kashandalik beiz ketmadi. 2015-yilning oktyabrida tibbiy tekshiruvlardan keyin uning saratonga chalingani maʼlum boʻldi. Taqdirning bu zarbasini ham qahramonimiz mardlarcha qarshi oldi. Kayfiyatini tushirmagan holda bu xastalikni ham yengib oʻtishga vaʼda berdi. Bu aslida oʻlim bilan olishuv edi. Afsuski, ayovsiz bahsda Kroyf yengildi. Tugʻilgan kunini nishonlashiga bir oy qolganida, 2016-yilning 24-martida buyuk futbolchi va murabbiy dunyoni tark etdi.

Kroyf toʻp surgan davrdan ozmi-koʻpmi teleyozuvlar qolgan, albatta. Uning maydondagi harakatlari aks etgan lavhalarni tomosha qilishning oʻzi bir saboqdir. Binobarin, trenerlarimiz, ayniqsa, futbolchilarimiz bu lavhalarni takror-takror koʻrishsa, foydadan xoli boʻlmasdi. Zero, oʻrganishning hech bir ziyoni yoʻq.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?