Futbol bo‘yicha jahon chempionati Rossiya iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

14:21 06 Iyul 2018 Dunyo
710 0
Foto: RT

Futbol bo‘yicha jahon chempionati Rossiyada tovar aylanmasi va pullik xizmatlar ko‘rsatish ko‘rsatkichlari o‘sishiga olib keldi. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot oliy maktabi taraqqiyot markazi ma’ruzasiga asoslanib “Ъ’” manbasi xabar berdi.

Taraqqiyot markazining baholashicha, iqtisodiyotdagi bunday dinamika vaqtinchalik bo‘lib, u mundial fonida ro‘y beryapti, uzoq istiqbolda RF iqtisodiyoti yana ilgaridagi ko‘rsatkichlariga qaytib, beqarorlashishi mumkin.

Ayni paytdagi jonlanish esa bir-ikki oy davom etishi taxmin qilinayotir. Shu bois, ikkinchi chorakda YAIM o‘sishi 2,5 foizni tashkil etishi kutilyapti. Vaholanki, birinchi chorakda bu raqam 1,3 foiz bo‘lgandi.

Umuman, yoz oylari yakunida rossiyalik va xorijlik futbol muxlislari sharofati bilan tovar aylanmasi va xizmatlar ko‘rsatish hajmi oshgani qayd etilgandan so‘ng o‘z-o‘zidan talabning susayish davri kirib keladi.

Shuning uchun ham iqtisodiyotni jonlantirish bo‘yicha kon’yunktura omillari nozikligicha qolgan va investitsiyaning barqaror diversifikatsiyalashgan sur’atlari hali shakllanmagan.

Boz ustiga, 2018 yil birinchi oylarida investitsiya tuzilmasida xom-ashyo sohasi ustunligi saqlanib qolgani, boshqa qator sektorlarda esa, jumladan, futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun obyektlarni tayyorlash jarayoni nihoyasiga yetishi munosabati bilan salbiy dinamika kuzatilgandi.

Joriy yil birinchi choragidagi daromadlarning katta qismi xom ashyo qazib chiqarish sektoriga to‘g‘ri kelgani ham buni yana bir bor tasdiqladi. Binobarin, Rossiyada bu boradagi o‘sish iqtisodiy siyosatning ijobiy va salbiy ta’sirlari muvozanatiga yanada kuchliroq bog‘lanib qolaveradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?