Futbol boʻyicha Qatarda bo'lib o'tadigan jahon chempionati taqvimi maʼlum. Endi navbat jamoalarga

18:49 16 Iyul 2020 Sport
306 0

Qatarda oʻtkaziladigan Jahon kubogi 2022 taqvimi eʼlon qilindi. Bu haqda FIFA rasmiy saytida maʼlumot berildi.

Xabaringiz bor, futbol boʻyicha toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga Qatar mamlakati mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Nihoyat, FIFA turnirning rasmiy taqvimini keng ommaga havola qildi. Qiziqarli jihatlari koʻp. Vaqt taqsimotiga ham bir qancha oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlib, musobaqa endi toʻliq bir oy muddatda davom etmaydi. Bundan tashqari, odatiy taomilga koʻra, JCH har doim yozgi formatda oʻtkazilgan. Bu safargi bellashuvlar esa noodatiy rejim —qishki mavsumda, yaʼni 21-noyabrdan 18-dekabrgacha boʻlib oʻtishi belgilandi. Koʻpchilikka maʼlumki, bu kabi omillarning yuzaga kelishiga mezbon mamlakatning iqlimi sabab boʻlmoqda.

Turnirning ochilish marosimi 21-noyabr sanasiga belgilangan boʻlib, unda Qatar milliy terma jamoasi Al-Xaur shahridagi «Al-Bayt» stadionida oʻz raqiblariga qarshi birinchi oʻyinni oʻtkazishadi. Ushbu stadion mamlakatning top arenalari roʻyxatida boʻlib, yarim finalning bir bahsini ham oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Musobaqa davomida muxlislar bir kunda guruh bosqichining bir yoʻla 4 bahsini koʻrish imkoniga ega boʻlishadi. Tur oʻyinlari 2-dekabrgacha oʻz yakuniga yetadi. Matchlar oraligʻidagi vaqt ham qulay rejimda — 11 soat. Doha atrofidagi shahar stadionlari bir-biriga yaqinligini hisobga olsak, bu holat muxlislarga ortiqcha qiyinchilik tugʻdirmaydi.

Guruh bosqichidan chiqqan 16 jamoa 3-dekabr sanasidan nimchorak final bahslariga kirishishadi. 9-10-dekabrda chorak final, 13-14-dekabrda esa oʻz navbatida yarim final uchrashuvlari boʻlib oʻtadi. Ushbu bosqichda magʻlubiyatga uchragan jamoalar 3-oʻrin nomini aniqlash uchun oʻzaro 17-dekabrda Dohadagi “Xalifa” stadionida saf tortishadi. Final gʻolibi esa bir kun oʻtib, Lusail shahrida xuddi shu nomdagi arenada boʻlib oʻtadi.

Yana bir jihat, bugungi kunda jahon boʻylab kechayotgan pandemiya jarayoni tufayli, asosiy qurʼa marosimlari keyingi yilning mart oyidan iyun oyigacha ham choʻzilishi mumkin. Bunga kechiktirilgan saralash bahslari sabab boʻlgan.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo mintaqasida ham qoldirilgan oʻyinlarning aniq vaqtlari belgilangan boʻlib, unda Milliy terma jamoamiz quyidagi sanalarda saralash bahslarini yakunlab oladi:

8-tur, 13-oktyabr

Yaman — Oʻzbekiston

9-tur, 12-noyabr

Oʻzbekiston — Singapur

10-tur, 17-noyabr

Saudiya Arabistoni — Oʻzbekiston

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?