Fuqarolik urushini toʻxtatgan futbolchi

11:06 17 Iyun 2020 Sport
655 0

Didye Drogba Kot-dʻIvuarda tugʻilgan. Ammo besh yasharligida Fransiyaga, togʻasinikiga kelgan. Togʻasi Mishel Globa professional futbolchi edi. Oradan uch yil oʻtgach, tugʻilgan yurtini, ota-onasini sogʻingan Didye vataniga qaytdi. Biroq mamlakatdagi, shuningdek, oiladagi turmush qiyinchiliklari tufayli uning oilasi butkul Fransiyaga koʻchib keldi. Parij yaqinidagi Entoni shaharchasida yashay boshlagan Didye futbol bilan shugʻullanishga kirishdi. 

Mahalliy yoshlar jamoasida u dastlab oʻng qanot himoya chizigʻida toʻp surdi. Kyeyin togʻasining maslahati bilan markaziy hujumchi pozitsiyasida oʻynay boshladi. Bu orada maktabda oʻqidi. Yarim professional jamoa sanalgan «Levalua»da oʻynadi.

Lekin bu jamoa bosh murabbiyi uning xizmatiga ehtiyoj sezmadi. Maktabni tugatgach, qahramonimiz Le-Man shahriga koʻchib oʻtdi. Mahalliy kollejda oʻqiy boshladi. Shu bilan birga «Le-Man» klubining yoshlar jamoasida toʻp surdi. Dastlabki ikki yil Drogba uchun juda ogʻir kechdi. Jarohatlar girdobida qoldi. Mashgʻulotlardagi qiyinchiliklar uni ruhan yengayozdi. Jamoaning oʻsha paytdagi murabbiyi Mark Vesterlopp keyinchalik Drogbaning kundalik mashgʻulotlarga hamda haftada bir marta oʻyin oʻtkazishga moslashib ketishi uchun toʻrt yil vaqt kerak boʻlganini aytgandi. Bunga turmush qiyinchiliklari ham sabab boʻlgandi, albatta. Gap shundaki, Didye futbol bilan amalda voyaga yetib qolgandan keyingina jiddiy shugʻullanishga kirishgandi.

Drogba 21 yoshga kirganida agar hozir katta futbolning etagidan mahkam tutmasa, unda professional futbolchi boʻlish uchun imkoniyat deyarli qolmasligini anglab yetdi. Oʻz ustida qattiq ishladi. Shundan soʻng tez orada «Le-Man»ning asosiy tarkibida dastlabki oʻyinini oʻtkazdi. 1999-yilda oʻzining ilk professional shartnomasi ostida imzo qoʻydi. Bunga uning shaxsiy hayotidagi oʻzgarishlar ham turtki berdi. Oʻgʻilli boʻldi. Keyinchalik Didye «Oʻgʻlim Ayzekning tugʻilishi hayotimda burilish yasadi. U yuragimga yorugʻlik olib kirdi», deya oʻsha damlarni eslagandi. ”Le – Man”da u yaxshigina toʻpurar ekanini isbotlay oldi. 2002-yilga kelib esa «Gengam» klubi sharafini himoya qilishga kirishdi. Shu jamoa safidagi ikkinchi mavsumida u 34 ta uchrashuvda 17 ta gol kiritdi. Aynan shu gollar evaziga jamoa oʻz tarixida ilk bor fransuz chempionatida 7-oʻrinni egalladi. Drogba esa toʻpurarlar bahsida 3 – oʻninni band etdi. Natijada unga boʻlgan qiziqish kuchaydi. ”Marsel” klubi 6 million yevro toʻlab Didyeni sotib oldi.

Inson taqdirini oʻz qoʻli bilan yaratadi, deyishgani bejiz emas. ”Marsel”ning Yevropa maydonlaridagi muvaffaqiyatli oʻyinlari, Drogba tomonidan kiritilgan chiroyli gollar unga boʻlgan qiziqishni tagʻinda oshirdi. Jumladan, Yevropa Chempionlar ligasida “Portu”ga qarshi kechgan uchrashuvda portugallarning oʻsha paytdagi ustozi Joze Mourinyoga Drogbaning maydondagi harakatlari shu qadar maʼqul tushdiki, u “Agar imkoniyat tugʻilsa, bu futbolchini albatta jamoam safiga qoʻshib olaman”, deya roʻy-rost aytdi.

Yaxshi niyatga farishtalar ham omin, der ekan. Buni qarangki, Mourinyo “Chelsi”ga bosh murabbiy etib tayinlangach, klub xoʻjayini Roman Abramovich u istagan futbolchilarni xarid qila boshladi. Bu futbolchilar safida Drogba ham bor edi, albatta. Qahramonimiz oʻziga nomdor klublar qiziqish bildirayotganiga qaramay kamtarligicha qoldi. ”Garchi, men mahorat borasida katta siljishlarga erishgan boʻlsam ham Anri, Ronaldo yoki Trezega yetishimga hali ancha bor”, degandi u.

2004-yilning yozida “Chelsi” bu hujumchining transferi uchun 38 million yevro toʻladi va qahramonimiz “Marsel”ni tark etib, Angliyaga koʻchib keldi. ”Meni “Chelsi”ga oʻtgin deb hech kim majbur qilgan emas. Agar qalbim buyurganiga amal qilganimda “Marsel”da qolgan boʻlur edim, —degandi Drogba. — Lekin men aql bilan ish tutishga odatlanganman. Shunaqangi takliflar boʻladiki, ularni ham sport, ham moliyaviy nuqtayi nazardan rad etishning iloji yoʻq. Gap pulda emas. Meni yaxshi taniydiganlar buni bilishadi. Joze Mourinyo oʻyinimni koʻrib, jamoasi safiga qoʻshilishimni istadi. Kejman, Robben, Mutu, Makelele singari futbolchilar bilan yonma-yon oʻynash esa meni yangi bosqichga koʻtaradi”.

Qahramonimiz haq edi, albatta. Voqealar rivoji ham shuni koʻrsatdi. Drogbaning “Chelsi”da kechgan faoliyati zafarli onlarga boy boʻldi. U oʻzining ajoyib oʻyini, betakror gollari bilan muxlislar qalbiga quvon olib kirdi. Bu oʻrinda uning Chempionlar ligasi finalida “Bavariya”darvozasiga yoʻllagan golini eslashning oʻzi kifoya. 2012-yilning 19-mayida boʻlib oʻtgan bu uchrashuvning 88 – daqiqasida Drogba hisobni tenglashtirdi. Bu esa gʻolibni qoʻshimcha vaqtda aniqlash imkonini yaratdi. Penaltilar seriyasida esa qahramonimiz hal qiluvchi golni kiritdi. Drogba shu oʻyinning eng kuchli futbolchisi deb topildi. Umuman, u “Chelsi” uchun muhim sanalgan koʻplab gollarni kiritdi. Shu oʻrinda uning bir golini eslash joiz. 2012-yilning 10-martida qahramonimiz «Stok Siti» jamoasi darvozasini ishgʻol etib, jamoasiga gʻalaba keltirdi. Bu uning Angliya premyer – ligasidagi 100-goli sanaladi. Ushbu dalilni alohida tilga olishimiz boisi shundaki, oʻsha kunga qadar afrikalik biror bir futbolchi premyer-ligada bunaqangi natijaga erishmagandi.

Endi Drogbaning oʻz vatani oldidagi unutilmas bir xizmati haqida ham toʻxtalamiz. Maqolamiz avvalida aytganimizdek, u Kot-dʻIvuarda tugʻilgan. Afrikaning koʻplab davlatlarida kuzatilgani kabi bu mamlakatda ham iqtisodiy muammolar koʻp. Shu boisdan boʻlsa kerak, Kot –dʻIvuarda fuqarolik urushi kelib chiqqandi. Bilasiz, bir kun janjal kelib chiqqan joydan baraka qochadi. Shusiz ham muammolar girdobida qolgan vatani taqdiri Drogbani befarq qoldirmadi. U tiz choʻkkan holda birodarkushlikni toʻxtatishni soʻrab isyonchilarga videomurojaat yoʻlladi. Drogbaning hurmati haqi otishmalar toʻxtadi. Keyinchalik, aniqrogʻi, 2007-yilda bevosita Drogbaning ishtirokida tomonlar yarashuv bitimi tuzdilar.

Drogbaning keyingi faoliyati Xitoy, Turkiya va AQSH futbol maydonlarida kechdi. Bu orada bir muddat “Chelsi”ga qaytib, mazmunli oʻyin namoyish etdi.

Qahramonimiz yana bir qator xayrli ishlari bilan ham tanildi. 2007-yilda BMTning Rivojlanish dasturi boʻyicha elchi etib tayinlandi. U taʼsis qilgan «Didye Drogba» fondi Kot-dʻIvuar va Afrikadagi boshqa bir qator davlatlarda aholi salomatligini muhofaza etish,taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlash borasida ezgu ishlarni amalga oshiryapti.

Drogba Lalla ismli qizga uylangan. Farzandlari bor. 2011-yilda Monakoda boʻlib oʻtgan toʻy marosimini “Chelsi” sohibi, millioner Roman Abramovich tashkillashtirgan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?