Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga hujjatlarni elektron shaklda topshirish mumkin

10:43 16 May 2018 Jamiyat
1302 0
Фото: Sputnik

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudida tizimga joriy etilayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ularning afzalliklariga bag‘ishlangan press-tur tashkil qilindi.

Ta’kidlanganidek, Harakatlar strategiyasiga muvofiq, yurtimizda sud-huquq sohasiga oid islohotlar izchil olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda inson huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza etish kafolatlarini kuchaytirishdan iborat.

Tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy qilinayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan hayotga tatbiq qilingan E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimining o‘rni yuqori. Zero, u fuqarolik ishlarini sudlarda ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish, sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirishdan tashqari, sansalorlik hamda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishda qo‘l kelayapti. E’tiborlisi, bu tizim 2017 yilning oktyabr oyidan buyon fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning barchasida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda.

Tadbirda E-SUD elektron tizimi imkoniyatlari, ya’ni ishni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib, sud qarori chiqarilishigacha bo‘lgan jarayon namoyish qilindi. Endilikda fuqarolar sudga murojaat etish uchun sud binosiga borish, navbatda turish, hujjatlarni qo‘lda yozib, qog‘oz shaklida topshirish kabi yumushlarga vaqt va mablag‘ sarflashmaydi. Aksincha, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga istalgan vaqtda, turli masofadan hujjatlarni elektron ko‘rinishda topshirishlari mumkin.

Press-tur doirasida jurnalistlar sudda ishlarni ko‘rish jarayonida ochiqlik hamda shaffoflikni ta’minlash maqsadida ishga tushirilgan audio-video tasvirga olish tizimi — “SRS Femida” faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Ishga bog‘liq materiallarni elektron tarzda shakllantirishning bunday tartibi nafaqat qo‘l mehnati va ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish imkonini beradi, ayni chog‘da hujjatlarni saqlash, ularni yuqori instansiya sudlariga yuborish, materiallar bilan taraflarni tanishtirish, ulardan nusxa olish kabi protsessual jarayonni ham sezilarli tarzda soddalashtiradi. Shu bilan birga, u sudya, prokuror hamda advokatlar, eng asosiysi, taraflar va ishda qatnashuvchi boshqa shaxslar uchun qulaylik yaratadi, ularning sud majlisida ishtirok etish madaniyatini hamda mas’uliyatini oshiradi.

Tadbirda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning joriy yil birinchi choragidagi faoliyati haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, bu davrda mazkur sudlar tomonidan jami 56 ming 653 ta ish ko‘rib chiqilgan va 83 milliard so‘mlikdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 111 ming 376 ta sud buyrug‘i chiqarilgan.

Press-turda, shuningdek, bir nechta amaliy qo‘llanma hamda risolalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Zokir XUDOYSHUKUROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?