Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha hisobga olish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi

19:44 12 Dekabr 2018 Hujjatlar
618 0

Illyustrativ foto

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan turgan joyi boʻyicha hisobga olishga doir davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlanishi mumkin.

Fuqarolarni turgan joyi boʻyicha hisobga olishga doir davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga koʻra, hisobda turish uchun fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kunidan boshlab oʻn kun muddatda oʻzi vaqtincha turgan joydagi Davlat xizmatlari markazlariga (shaxsan oʻzi kelib) yoki YAIDXP orqali elektron tarzda murojaat qiladi.

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilingan hollarda fuqaro va turar joy egasi nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda tegishli shakldagi soʻrovnoma elektron ravishda toʻldiriladi.

Soʻrovnoma quyidagi hujjatlarga asosan toʻldiriladi:

uy-joy mulkdori va fuqaroning pasporti;
uy-joy hujjatlari;
16 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun – tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun) va pasport nusxasi.

Uy-joy mulkdori (mulkdorlari) nomidan notarial tasdiqlangan ishonchnoma orqali harakatlanayotgan shaxslar ham fuqaroni turar joyga hisobga qoʻyishga rozilik berish uchun vakolatli organga murojaat qiladi.

Chegara zonasida joylashgan aholi punktlarida turgan joyi boʻyicha hisobda turish uchun ushbu zonaga kirishga yashash joyi boʻyicha ichki ishlar organlaridan chegara zonasiga kirishdan oldin belgilangan tartibda olingan ruxsatnoma ham taqdim etiladi.

Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng, uy-joy mulkdori (mulkdorlari) uni oʻzlarining ERI bilan tasdiqlaydilar.

ERI kaliti boʻlmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

Davlat xizmatlari koʻrsatish uchun eng kam oylik ish haqining
2 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Davlat xizmatini koʻrsatish uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi:

qariyalar va nogironlarning internat-uylarida yashovchi qariyalar
va nogironlar;
maktab-internatlar, akademik litseylar va kasb-hunar taʼlimi markazlarining toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan va yotoqxonalarida yashovchi oʻquvchilar;

Davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

40 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisob raqamiga;
20 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi byudjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisob raqamiga;
10 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi (xizmat YAIDXP orqali koʻrsatilganda);
qolgan mablagʻlar toʻliq miqdorda Davlat byudjetiga oʻtkaziladi.

Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi (kadastr hujjatlari, pasport maʼlumotlari, notarial tasdiqlangan rozilik xati) shuningdek, davlat xizmatlari koʻrsatish uchun davlat bojini toʻlamaslik davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Boshqa har qanday holat davlat xizmati koʻrsatishni rad etishga asos boʻlmaydi.

Fuqaro davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.

Davlat xizmatlari markazlarida soʻrovnoma toʻldirilgach, u vakolatli organga elektron tizim orqali yuboradi.

YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.

Soʻrovnoma vakolatli organning elektron tizimiga va Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 kun mobaynida mavjud maʼlumotlar bazasidan uy-joy va fuqaro haqidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi.

Tekshirish natijasiga koʻra, fuqaroni turar joy boʻyicha hisobga qoʻyish haqidagi qayd varagʻi vakolatli organning elektron tizimi orqali rasmiylashtirilgan va QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan holda tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YAIDXP orqali elektron ravishda yuboriladi.

Qoʻshimcha tekshirish talab etilgan hollarda esa, elektron tizim orqali tegishli maʼlumotnoma Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi. Bunda qoʻshimcha tekshirish muddati 3 kundan oshmasligi lozim.

Davlat xizmatlari markazi, qayd varagʻi kelib tushgandan soʻng uni fuqaroning elektron manziliga yuboradi va uni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Fuqaroning soʻroviga koʻra, unga qayd varagʻi qogʻoz shaklda murojaat qilgan Davlat xizmatlari markazining muhri bilan tasdiqlangan holda taqdim etilishi mumkin.

QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan qayd varagʻi shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan birga haqiqiy hisoblanadi.

Kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalari oʻquvchilari, talabalari (tinglovchilari) – mazkur muassasa yotoqxonalariga hisobga qoʻyilishi mumkin.

Bunda taʼlim muassasasi yotoqxonalariga hisobga qoʻyilayotgan fuqarolar nomidan tegishli taʼlim muassasasi vakil etib belgilagan masʼul xodimi fuqarolar hisobga qoʻyilayotgan manzildagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi.

Soʻrovnoma elektron tarzda Davlat xizmatlari markazi xodimi muvofiq shaklda toʻldiriladi.

Soʻrovnoma elektron shaklda taʼlim muassasasi rahbarining aloqa xati, kadastr hujjatlari va yotoqxonaga hisobga olinayotgan talabalarning pasport nusxalariga asosan toʻldiriladi.

Taʼlim muassasasi vakilidan ushbu bandda koʻrsatilganidan boshqa maʼlumotnoma va hujjatlarni taqdim etishni talab etish qatʼiyan taqiqlanadi.

Soʻrovnomaga kiritilgan zarur maʼlumotlar taʼlim muassasasi (yuridik shaxs)ning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Respublikaning boshqa mintaqalaridan mavsumiy ish bilan shugʻullanishga (qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va boshqalar) kelgan fuqarolar mavsumiy ish bilan shugʻullanish uchun kelgan hududida hisobga olinadi.

Mavsumiy ish bilan shugʻullanishga kelgan fuqarolarni hisobga olish uchun ushbu hudud joylashgan manzildagi Davlat xizmatlari markaziga ish beruvchi yoki uning nomidan vakolatli vakil murojaat qiladi.

Muvofiq shakldagi soʻrovnoma elektron ravishda Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldiriladi.

Soʻrovnoma elektron shaklda mavsumiy ish haqida shartnoma, kadastr hujjatlari va mavsumiy ish bilan shugʻullanadigan hududlarga hisobga qoʻyilayotgan fuqarolarning pasport nusxalariga asosan toʻldiriladi.

Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan, u ish beruvchi (yuridik shaxs)ning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Ariza beruvchilardan ushbu koʻrsatilmagan maʼlumotlarni va boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab etish qatʼiyan taqiqlanadi.

Hisobga olishni bekor qilish fuqaro yoki uy-joy mulkdori (mulkdorlari)ning tashabbusi bilan amalga oshiriladi.

Fuqaro yoki uy-joy mulkdori (mulkdorlari) hisobga olishni bekor qilish uchun hisobga qoʻyilgan hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga murojaat qiladi.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari fuqaro
va uy-joy mulkdori (mulkdorlari) oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng, fuqaroni hisobga olishni bekor qiladi.

Fuqaro taʼlim muassasasi yotoqxonasidan boshqa turar joyga oʻtgan, oʻqish boshqa hududdagi taʼlim muassasasiga koʻchirilgan, fuqaro akademik taʼtil olgan yoki taʼlim muassasasidan oʻqishdan chetlatilgan taqdirda, ushbu muassasalar rahbariyati tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab 3 kun ichida bu haqda fuqaro turar joyi boʻyicha hisobga qoʻyilgan hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimini xabardor qilishi shart.

Taʼlim muassasasi rahbariyatining bildirishnomasi asosida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi hisobga olishni bekor qiladi.

Mavsumiy ish haqida shartnoma bekor qilingan kundan boshlab, ish beruvchi 3 kun ichida bu haqda fuqaro turar joyi boʻyicha hisobga qoʻyilgan hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimini xabardor qilishi shart.

Ish beruvchining bildirishnomasi asosida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi hisobga olishni bekor qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?