Fuqarolardan 50 ming dollar olib, shartnomani bajarmagan xususiy bandlik agentligi litsenziyasi tugatildi

19:10 20 Fevral 2020 Jamiyat
154 0

“International Experience xususiy bandlik agentligi” MCHJga Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shugʻullanish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik toʻxtatildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maʼlum qildi.

Ushbu vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga “International Experience xususiy bandlik agentligi” MCHJ faoliyati ustidan koʻplab fuqarolardan shikoyat arizalari kelib tushgan. Mazkur agentlik fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Litva davlatlariga ishga joylash uchun ulardan 50 ming AQSH dollaridan ziyod pul olgan, biroq shartnoma shartlarini bajarmagan.

Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining 45-bandiga muvofiq, “International Experience xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasining amal qilishi 10 ish kuni muddatiga toʻxtatilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

“Shu 10 kun davomida “International Experience xususiy bandlik agentligi” MCHJ tomonidan fuqarolar bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilishi talab etiladi“ deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?