“Fuqaroga meni saylamagansiz deyish notoʻgʻri”. OʻzLiDeP yetakchisi Alisher Qodirovning shov-shuvli bayonotiga munosabat bildirdi

18:44 22 Fevral 2020 Jamiyat
153 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Aktam Hayitov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirovning fikriga munosabat bildirdi.

— Surxondaryo voqealari juda dolzarb tus oldi, avvalo bu yerda fuqarolarni ham ayblab boʻlmaydi. Bizda tizimda kamchiliklar bor. Alisher Qodirovning deputat sifatida xalq oldida masʼulligi bor. Biz qonunda yozilgan normani oyogʻosti qilishga haqimiz yoʻq.

Fuqaro sifatida har kimning oʻz shaxsiy fikri bor. Alisher Qodirov ham fuqaro sifatida oʻzini fikrini aytgan boʻlishi mumkin. Deputat sifatida esa bunday fikr bildirish notoʻgʻri.

Chunki unga bitta odam ovoz berganmi yoki ikkita ularni hurmat qilishi kerak.

Surxondaryoliklar Alisher Qodirovni saylamagan boʻlsa ham, partiyasidan kimnidir saylagan boʻlishi mumkin. Har bir saylovchi deputatdan har bir savoliga javob olishga haqli. Unga siz meni saylamagansiz deyish toʻgʻri deb oʻylamayman”, — dedi OʻzLiDeP yetakchisi.

Eslatib oʻtamiz, Surxondaryoning Oltinsoy tumanida 14-fevral kuni mahalliy aholi va hokimiyat vakillari oʻrtasida yuz bergan toʻqnashuvga munosabat bildirarkan, deputat Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oltinsoylik “bebosh fuqarolarni keskin jazolash” lozimligi haqida post qoldirgandi.

Deputatning bu fikrlari muhokamalarga sabab boʻldi, ushbu muhokamalar jarayonida foydalanuvchilarning fikrlariga javob qaytararkan, deputat bir oʻrinda: “Siz meni saylamagansiz, mendan hech narsa kutmang”, degan mazmunda javob qaytardi (va keyinroq bu javobini oʻchirib tashladi).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?