Fuqaro Yulduz Usmonovaning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi — IIV

00:35 05 May 2020 Jamiyat
1393 0

foto by: Google

Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatidan noroziligi aks etgan videomateriallar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi ushbu xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur tasvirlar joriy yilning 4-may kuni Yu.Usmonovaning Instagram ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy sahifasida toʻgʻridan-toʻgʻri efirdan yozib olingan. Videotasvirdagi haqoratomuz fikrlar bevosita ichki ishlar organlariga bildirilganligi uchun, Ichki ishlar vazirligi tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

“Ichki ishlar organlari xodimlarini maʼnaviy jihatdan qoʻllab kelayotgan, oʻz ijod namunalari bilan vatanparvarlik tuygʻusini yana-da yuksaltirish, yoshlar ruhiyatida vatanga xizmat qilishdek muqaddas burchni shakllantirayotgan sanʼatkorlarimizning oʻrni beqiyos.

Afsuski shunday ogʻir vaziyatda taniqli sanʼatkor Yulduz Usmonova tomonidan huquqni muhofaza qilish organlarining xizmat faoliyatiga barmoq orasidan qarab, ularni nooʻrin tanqid qilishi oʻta madaniyatsizlik va salbiy holat albatta. Oʻz qilmishi bilan Yu.Usmonova barcha ichki ishlar organlari xodimlarini uyatli soʻzlar, obroʻsizlantiruvchi uydirmalar va beodoblik bilan qasddan haqorat qilgan.

Asli holatga oydinlik kiritadigan boʻlsak, joriy yilning 2-may kuni taxminan 21:00larda Mirzo Ulugʻbek tumani 4-sonli ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektori leytenant M.Ortiqjonov, shu tumanda yashovchi Yu.Usmonovaning xonadoniga oʻttiz nafarga yaqin fuqarolar, Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida roʻy bergan suv toshqinidan jabrlangan aholiga yordam berish maqsadida hayriya uchun turli hildagi oziq-ovqat hamda boshqa mol-mulklarni olib kelganliklarini kuzatgan. Ushbu yukni tegishli manzilga yetkazishga yordam berish maqsadida, hududga biriktirilgan PPX xodimlari serjant D.Ortiqov va safdor A.Sultonovlar bilan birga yuk mashinalariga ortishga yordamlashib, Toshkent shahar IIBB YHXB xodimi mayor B.Gapparov boshqaruvidagi maxsus transport vositasi kuzatuvida Sirdaryo viloyatiga toʻplanib ketadigan yigʻin joyiga, yaʼni “Turkiston” sanʼat saroyiga kuzatib qoʻygan.

Shundan soʻng, Yu.Usmonova oʻzining yordamchilari orqali toʻplangan yuklarni darhol, yaʼni 3-may kuni soat 00.10 larda YHXB xodimlari kuzatuvi ostida Sirdaryo viloyatiga joʻnatilishini talab qilgan. Shunda xodimlar Yu.Usmonovaga Sirdaryo viloyatiga chiqish belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma asosida, kunduzgi vaqtda hamda uyushgan holda amalga oshirilishini tushuntirishlariga qaramasdan, uning asossiz tanqidiga uchragan.

Jamiyatda yurish turish qoidalarini mensimasdan, oʻta madaniyatsizlik bilan turli haqoratomuz soʻzlarni gapirayotgan ayolga belgilangan tartibni tushuntirishga uringan xodimlar, ziddiyatli vaziyatni keskinlashib ketishini oldini olish maqsadida, ushbu ayol bilan muloqotni toʻxtatib, oʻz xizmat vazifalarini davom ettirgan. Shundan soʻng, Yu.Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali “on-layn” tarzda ichki ishlar organlarini obroʻsizlantiruvchi, asossiz haqoratlar aks ettirilgan videorolikni tarqatgan”, deyiladi munosabatda.

Taʼkidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan madaniyat xodimi nomiga dogʻ tushirgan, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimagan, ichki ishlar organlari xodimlari shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga harakat qilgan fuqaro Yu.Usmonovaning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Ish yakuni boʻyicha holatga oydinlik kiritilib aybdorlarga qonuniy tartibda chora belgilanadi.

“Shu oʻrinda vaziyatga xolis munosabat bildirib, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatlariga adolat nazari bilan qaragan fuqarolarimizga, madaniyat vakillariga, jurnalistlar, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilariga minnatdorchilik bildiramiz, deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?