Fuqaro “Temir daftar”dan chiqarildi. Shu bilan ish bitdimi?

14:43 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
335 0

“Temir daftar” degan yangi atama lugʻatimizga kirib keldi. Gap bundamas, hamma gap uning vujudga kelishi natijasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda. Aholining kam taʼminlangan, ehtiyojmand, biroz qoʻpol eshitilsa-da, kambagʻal qatlami ana shu daftardan joy oladi. Mutasaddilar esa ularni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha barcha choralarni koʻrmoqdalar. Natijada, aksariyat oilalar moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlanibgina qolmasdan, daromadga yoʻnaltirilmoqdalar. Shu orqali ular “Temir daftar”dan chiqarilyapti. Endi bu toifa zamondoshlarimiz birovning qoʻliga qarab qolmaydilar.

Xoʻp, kambagʻallar “Temir daftar”dan chiqarilyapti, shu bilan ish bitdimi? Endi ular xolidan xabar olinmaydimi? Yoʻq, aksincha, toki har bir fuqaro daromad topish yoʻliga kirmas ekan, uning xolidan xabar olinaveradi, kerak boʻlsa pul topish usullari oʻrgatiladi. Bu borada hududlarda sektor rahbarlari, ayniqsa, mahalliy hokimlik vakillari bir soniya boʻlsin eʼtiborni susaytirmayaptilar. Mana masalan, kuni kecha Andijon tumani hokimi Ulugʻbek Isomiddinov “Temir daftar” tarkibidan chiqarilgan 20 ta oilada boʻlib, ularning keyingi hayoti bilan qiziqdi.

Avvalo, shuni aytish oʻrinliki, tumanda aholini kambagʻallikdan chiqarish, kam taʼminlanganlar uchun uy sharoitida oʻzini-oʻzi band qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, echkichilik, parrandachilik va quyonchilik yoʻnalishidagi klaster korxonalari tomonidan oilalar daromadi oshirilmoqda. Tumanning Ayrilish MFYda “Temir daftar”ga kiritilgan 23 ta ehtiyojmand oilalarning xonadonlarini ishchi guruh bilan birgalikda oʻrganish, mavjud muammolarini aniqlash, ularning bandligini taʼminlash va daromadini oshirish yuzasidan nomma-nom yoʻl xaritasi tuzildi va shu asosda ishlar olib borildi. Natijada 20 ta oila “Temir daftar”dan chiqarildi.

Tuman rahbari dastlab Rahimaxon Boqiyeva xonadonida boʻldi. Ushbu oila boshligʻi vafot etgach, Rahimaxon nogiron farzandi tarbiyasi bilan band boʻlib qoldi. Oilaning umumiy daromadi farzand salomatligini tiklash va roʻzgʻorni tebratishga yetmaydi. Shu bois ayolga uydan chiqmagan holda daromad topish imkoniyati yaratildi. Yaʼni, 2 bosh echki berilgan. Toʻgʻri, ikki bosh eski bilan shuncha kam-koʻstni qoplash biroz mushkul. Shu bois, tuman rahbari bu gal uy sohibasiga 12 bosh quyon ham taqdim etdi.

— Oilamizni daromadga yoʻnaltirish boʻyicha qilinayotgan ishlardan nihoyatda mamnunman, — deydi Rahimaxon Boqiyeva. — Qolaversa, tez-tez oziq-ovqat mahsulotidan yordam berib turishibdi. Bu eʼtibordan oʻzim xijolatdaman. Axir, qachongacha oʻzgalarning qoʻliga qarab yashayman. Shuning uchun tuman hokimidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer soʻradim.

Navbatdagi tashrif Muhayyoxon Vahobova xonadoniga boʻldi. Uy sohibasining nogironligi mavjud boʻlgani bois muqim ish joyiga ega emas. Farzandlari maktab yoshida.

— Turmush oʻrtogʻim ham nogiron, — deydi Muhayyoxon biz bilan suhbatda. — Shunday boʻlishiga qaramay xorijda mehnat qilyapti. Topgani roʻzgʻorimizga yetib turibdi. Prezidentimizga rahmat, u kishining tashabbusi bilan biz kabi oilalarga uyda ish bilan band boʻlish, daromad topish imkoni berildi. Bu imkoniyat tufayli men ham 12 bosh quyon bilan taʼminlandim. Ularning ozuqasi oʻz vaqtida yetkazib berildi. Quvonarlisi, vaqti kelgach ularni klasterning oʻzi sotib olarkan. Men parvarish qilaman, xolos. Bunday sharoit yana qayerda bor!

Tan olish kerak, oxurga echki bogʻlab, qafasga quyon joylab qoʻyish bilan oila daromadga ega boʻlib qolmaydi. Ularni toʻgʻri parvarishlash, daromad manbaiga aylantira bilish ham kerak. Shu bois aksariyat xonadonlarda mavjud sharoitlardan unumli foydalanilmayapti. Qarabsizki, kuni kecha “Temir daftar”dan chiqarilgan fuqaro yana ehtiyojmand oilalar qatoridan joy olyapti. Andijon tumanida bu kabi holatlar yuzaga kelmasligi, har bir oila qiyinchiliklarsiz turmush kechirishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Eng muhimi, bu boradagi ishlar koʻlami kundan-kunga kengaymoqda. Axir, tuman rahbarining oʻzi bu ishga astoydil bel bogʻlaganidan keyin ijobiy natija ham boʻlishi kerakda!

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?