Fuqaro shifokorga pichoq bilan tajovuz qilgani bois tergovga jalb etildi

08:03 11 Mart 2020 Jamiyat
413 0

“Xalq soʻzi-onlayn”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Ijtimoiy tarmoqlarda respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazining Andijon viloyati filiali Shikastbandlik boʻlimida fuqaro shifokorga pichoq bilan tajovuz qilgani holati aks etgan video lavha turli bahslarga sabab boʻldi. Aslida nima boʻlgandi oʻzi?

Filial direktori Doniyorbek Boʻriboyevning viloyat hokimi nomiga yozgan maʼlumotida bayon etilishicha, voqea shu yilning 29-fevral kuni sodir boʻlgan. Bemor ayol (tergov ishlari olib borilayotgani sabab ism-shariflar sir tutilmoqda) soat 22:31 da filialga yuzi va koʻzida tan jarohati bilan murojaat qilib, bunga turmush oʻrtogʻi bilan oʻrtalarida yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab boʻlganligini maʼlum qilgan. Tibbiyot xodimlari uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish bilan bir qatorda bunday vaziyatda ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilish lozimligini, aks holda jinoyatni yashirganlikda ayblanishlarini aytadi. Bundan xabar topgan bemorning ukasi oiladagi nizo haqida boshqalar xabar topishini xohlamaydi va shifokorlarga norozilik bildiradi. Tushuntirishlarga qaramay, fuqaro shifokor U. Turgʻunboyevni uyatli soʻzlar bilan haqorat qilgan va unga pichoqni otib yuborgan. Yuzaga kelgan mojaro natijasida jabrlanganlar yoʻq. Fuqaro ayni paytda sodir etgan harakatlari yuzasidan koʻrsatma bermoqda. Bemor ayolga esa belgilangan muolajalarni olib boʻlgach, 4-mart kuni uyiga ruxsat berilgan.

Maʼlumki, fuqarolarning tibbiyot xodimlariga bu kabi hurmatsizlarcha munosabatlari respublikamizda oz boʻlsa-da, uchrab turibdi. Bu nimadan dalolat? Tibbiyot xodimlari bemorlarga sifatli xizmat koʻrsatmayaptimi yoki fuqarolarda tibbiy-huquqiy bilimning kamligimi? Menimcha, ikkinchi taxmin haqiqatga yaqinroq. Zero, oʻz huquqi va burchini yaxshi bilgan fuqaro har qanday joyda va hamisha oʻz madaniyatini ham namunali tarzda ifoda eta oladi. Aks holda sodir etgan xatti-harakati yuzasidan javob berishga majbur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?