Fuqaro Otabek Nuritdinovning Toshkent shahar hokimiga murojaat-xati yuzasidan

16:12 21 Avgust 2019 Jamiyat
495 0

Fuqaro Otabek Nuritdinovning Toshkent shahar xokimi Jaxongir Ortiqxoʻjayevga ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaatini bugungi kunga qadar bir qancha saytlar va oʻnlab guruhlar qizgʻin muhokama qildilar. On-layn tarzida yozilgan murojaat albatta aniq manzilga joʻnatilgan va tabiiyki xokimning oʻzi ushbu murojaatga javob berish yoki bermaslik, bu uning ixtiyori.

Oʻz navbatida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi mutaxassislari murojaatda koʻtarilgan masalaga oydinlik kiritishga harakat qiladilar:

“Crafers” kompaniyasi boʻyicha:

2019-yil 1-avgust holatiga respublika hududida 600dan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyekt qandolat mahsulotlarini (assortimentda) ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, ushbu mahsulot bozorida juda katta miqdorda import qilingan mahsulotlar mavjud boʻlgani sababli ushbu bozor ancha past konsentratsiyalashgan, raqobat esa yuqori darajada rivojlangan.

Bundan tashqari, bozordagi ulushlar tahlil qilinganda, qaysidir xoʻjalik yurituvchi subyektning ustun mavqega ega ekanligi aniqlanmadi. Oddiy qilib aytganda, “Crafers” - monopolist emas, u qandolat mahsulotlari bozori holatiga xech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.

“Artel” kompaniyasi boʻyicha:

2019-yil 1-avgust holatiga Oʻzbekistonda 10 tadan koʻp kompaniya elektr maishiy texnikasini (yirik va mayda) ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

Statistika organlaridan olingan maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda 100dan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar “Artel” kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga oʻxshash mahsulotlarni ishlab chiqarish va import qilish bilan shugʻullanib kelmoqdalar.

Demak, yuqorida qayd etilganidek, ushbu mahsulotlar bozorida raqobat yuqori darajada rivojlangan, demak, “Artel” kompaniyasi va unga tegishli affillangan korxonalar ustun mavqega ega emas, yaʼni ular monopolist emas.

®️“Akfa Group” kompaniyasi boʻyicha:

2019-yil 1-avgust holatiga respublika miqyosida plastmassadan eshik va rom ishlab chiqaruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning soni 180 tadan oshgan.

Bundan tashqari, mazkur bozorda alyuminiydan eshik va rom ishlab chiqaruvchi 400tadan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar ham faoliyat koʻrsatadilar.

Umuman olganda, ushbu bozorda ham konsentratsiya darajasi past, raqobat esa yetarli darajada rivojlangan.

Biroq mazkur bozordagi ishlab chiqarilayotgan alyuminiy va plastik mahsulotlarning texnik va texnologiya jihatidan oʻziga xos xususiyatlarga ega ekanini hisobga olgan holda, Qoʻmita har ikkala mahsulotlarni ishlab chiqarishda maʼlum bir kompaniya yoki shaxslar guruhi ustun mavqega egami, yoʻqligini aniqlash maqsadida qoʻshimcha oʻrganish ishlarini olib borishiga toʻgʻri keladi. Oʻrganish natijalari alohida maʼlum qilinadi.

  • Bozor munosabatlari sharoitida davlatni xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga aralashishiga haqqi yoʻq. Oʻz navbatida, xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻz faoliyat yoʻnalishlarini, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari va koʻrsatayotgan xizmatlari narxlarini (tariflarini) mustaqil belgilaydilar.
  • Maʼlumot tariqasida eslatib oʻtamiz: ustun mavqe tovar yoki moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bogʻliq boʻlmagan holda unga oʻz faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, tegishli bozorga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holatidir.
  • Tovar bozorida qaysi xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tovarining ulushi:

1) ellik va undan ortiq foizni tashkil etsa;

2) oʻttiz besh foizdan ellik foizgacha hajmda boʻlib, bunda quyidagi shartlar:

- xoʻjalik yurituvchi subyektning tovar bozoridagi ulushi kamida bir yil mobaynida barqaror boʻlib turishi (yaʼni xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ulushi tovar bozorining 35-50 foizi atrofida boʻlsa);

- tovar bozorida boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) tegishli ulushlarning nisbiy miqdorda boʻlib turishi, yaʼni bozoda 20 foizdan ortiq ulushga ega boʻlagn xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki shaxslar guruhini yoʻqligi;

- ushbu bozorga yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) kirishiga imkoniyatini mavjudligi, xoʻjalik yurituvchi subyektni ustun mavqega ega deb eʼtirof etilishiga sabab boʻladi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?