Fukusima AESi radioaktiv suvini Tinch okeaniga quyib yuboriladimi?

16:20 12 Sentyabr 2019 Dunyo
86 0

Yaponiya Atrof-muhit vaziri Yosiaki Xaradaning aytishicha, ehtimol Fukusima AESining ifloslangan suvini Tinch okeaniga oqizishga toʻgʻri keladi, chunki hozir reaktorlardan olinayotgan radioaktiv suvni saqlash uchun 2022-yilga borib joy qolmaydi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ayni paytda AES reaktorlarini sovutish uchun quyilgan bir million tonnadan ziyod suv maxsus idishlarda saqlab turilibdi.

Yaponiya hukumati hozircha bu borada yakuniy qaror berilgani yoʻqligini aytmoqda.

Olti reaktorli “Fukusima-1“ AESi 2011-yil 11-martdagi kuchli zilzila va zilzila ortidan yuzaga kelgan sunami oqibatida qisman vayron boʻlgan edi.

Reaktorlarni sovutish tizimi ishdan chiqqani oqibatida portlash roʻy bergan va Atom elektr stansiyasining toʻrt reaktorini ishdan chiqargan.

Oxirgi 8 yilda har kuni ishdan chiqqan reaktorlar atrofidagi radiatsiya bilan ifloslangan 200 tonna suv soʻrib chiqarib olinmoqda.

Olimlar bu ifloslangan suvni dengizga quyishni maslahat berishadi, radioaktiv suvning dengizdagi jonivorlarga zarari kam deyishadi.

Ammo baliqchilar AES suvini ummonga quyilishiga qarshi chiqib keladilar.

Shuningdek, Yaponiya bilan munosabati tarang Janubiy Koreya ham radiatsiya bilan ifloslangan suvning dengizga oqizilishiga qarshiligini bildirib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?