Fransuz kompaniyasi Oʻzbekistonga sunʼiy yoʻldoshlarni uchirish va boshqarish boʻyicha koʻmak beradi

11:46 27 Avgust 2018 Jamiyat
201 0

Oʻzbekiston va Fransiyaning Thales Alenia Space kompaniyasi sunʼiy yoʻldoshlarni uchirish hamda boshqarishni oʻz ichiga olgan loyihalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishdi. Oʻz navbatida Oʻzbekiston hududida mahalliy mutaxassislarni oʻqitish texnologik bazasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va Thales Alenia Space kompaniyasi vitse-prezidenti Erik Imbert oʻrtasida Fransiyada tashkil etilgan uchrashuvda aytib oʻtildi.

Tomonlar kosmik va sunʼiy yoʻldosh sanoatini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi.

Fransuz kompaniyasi Oʻzbekistonda sohani rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar, bu borada ilm-fan va innovatsiyalardan keng foydalanilayotgani, xalqaro hamkorlikni oʻrnatish hamda kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Thales Alenia Space kompaniyasi ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurdi.

Maʼlumot uchun, Thales Alenia Space aeronavtika, kosmos, mudofaa, yoʻldosh texnologiyalari va havo harakatini boshqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi xalqaro sanoat kompaniyasi hisoblanadi. 56 davlatda faoliyat yuritadi. Yillik oʻrtacha mablagʻ aylanmasi qariyb 16 mlrd. yevroga teng. Oʻzbekistonda vakolatxonasi bor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?