Fransuz kompaniyalari Oʻzbekistonda quyonchilik milliy modelini yaratishda koʻmaklashadi

18:46 25 Iyun 2020 Iqtisodiyot
638 0

Mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi diplomatlari Fransiyaning “Groupe Grimaud” konserni, “Hypharm” va “Hycole” kompaniyalari rahbarlari bilan quyonchilik sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muzokara olib bordi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Onlayn muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar uyushmasi rahbarlari, manfaatdor tadbirkorlar, sohada faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston va Fransiya mutaxassislari qatnashdi.

Fransiya tomoni Oʻzbekistonning sohani rivojlantirishda katta salohiyatga ega ekanini inobatga olib, seleksiya hamda genetik nou-xaulardan foydalanib hamkorlik oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
 

Aytish joiz, “Hypharm” va “Hycole” konsernlari 30 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, quyon goʻshti yetishtirishda yetakchi Ispaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu kompaniyalar turli sharoitlarda yetishtirish uchun moslashtirilgan “Hyplus” va “Hycole” brendli gibrid naslli quyonlarni yaratdi.

Muzokaralar chogʻida Yevropada sanoat usulida quyon yetishtirishda gibrid zotlilardan keng foydalanilishi taʼkidlandi. Boisi ular alohida sharoitda intensiv parvarishlash uchun qulay.

Hamkor mamlakat vakillari Oʻzbekistonda ushbu sohani har tomonlama rivojlantirish uchun sohaga ilgʻor loyihalarni joriy etgan holda klaster usulidan foydalanishni tavsiya etdi.

Tadbir yakunida “Hypharm” va “Hycole” kompaniyalari vakillarining Oʻzbekistonga safarini tashkil qilish, mahalliy ehtiyoj va imkoniyatlarni hisobga olgan holda sohani rivojlantirish uchun mavjud sharoitlarga moslashtirilgan modelni ishlab chiqish, shuningdek, ilmiy almashinuvni tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?