Fransuz brendi yurtimizda atom energetikasi boʻyicha qoʻshma muhandislik korxonasini ochmoqchi

13:54 26 Mart 2019 Jamiyat
315 0

Yaqinda yurtimizga Fransiyaning mashhur “Assystem” kompaniyasi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar “Oʻzatom” agentligi mutasaddilari bilan uchrashishdi.

Muloqotda qayd etilganidek, mamlakatimizda atom energetikasi yoʻnalishiga asos solinishi nafaqat energetika, balki ilm-fan, kadrlar tayyorlash sohalari rivojini tezlashtiradi, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, qurilish tarmoqlari imkoniyatlarini kengaytiradi. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, mazkur jabha taraqqiyoti koʻplab boshqa sohalar ravnaqi uchun oʻziga xos katalizator, lokomotiv vazifasini bajarib beradi.

Fransuz kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Frederik Jenuaning taʼkidlashicha, atom energetikasi Oʻzbekiston kelajagi uchun uglerodsiz , xavfsiz va ishonchli energiyani taʼminlab berish uchun zarur. U “Oʻzatom” agentligi rahbariyatini “Assystem” kompaniyasining atom energetikasi sohasidagi tajribasi bilan tanishtirib oʻtdi. Oʻz navbatida Fransiya delegatsiyasi vakillari tomonidan kelgusidagi hamkorlik, xususan, Oʻzbekistonda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, Toshkentda jabha mutaxassislari uchun seminar tashkil etish borasidagi oʻzaro aloqalar istiqbollari taqdim etildi. Qolaversa, fransuz brendi bilan yurtimizda qoʻshma muhandislik korxonasi ochish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekistonda kadrlar tayyorlash va yadro infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Maʼlumot uchun, “Assystem” atom energetikasi sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalar uchligi tarkibiga kiradi. U murakkab va qatʼiy tartib asosida nazorat qilinadigan tarmoqlar boʻyicha 50 yillik ish tajribasiga ega. Fransiyaning mazkur kompaniyasi dunyo yadro industriyasidagi eng yetakchi konsalting va muhandislik markasi deb tan olingan. Uning salohiyati jahondagi istalgan atom texnologiyalari yetkazib beruvchilari bilan ishlash imkonini beradi. Ularning orasida Fransiya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi koʻplab mamlakatlar bor. Kompaniya butun dunyo boʻyicha 2800 xodimiga ega. Ular Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Finlyandiya, Saudiya Arabistoni va Janubiy Afrika Respublikasida yadro energetikasini faol rivojlantirishga hissa qoʻshib kelishyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?