Fransiyaning Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi ishonch yorligʻini topshirdi

16:38 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
55 0

2019-yilning 13-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Fransiya Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Izabel Servoz-Galluchchini qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qila turib, vazir elchini tayinlov bilan qutladi va unga omad tiladi.

Boʻlib oʻtgan suhbatda koʻp qirrali Oʻzbekiston – Fransiya muloqotini sifat jihatdan yangi darajaga koʻtargan 2018-yilda Fransiyaga rasmiy tashrif doirasidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Prezident Emmanuel Makron bilan olib borgan muzokaralari chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga muhim eʼtibor qaratildi.

Siyosat, iqtisod, turizm, madaniyat va taʼlim kabi sohalardagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan tomonlarning manfaatdorligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda oʻzaro savdo hajmlarini oshirish va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish nuqtayi nazaridan mintaqaviy xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?