Fransiyaning Markaziy Osiyodagi ilk faxriy konsulligi Samarqandda ochildi

10:29 17 Aprel 2019 Siyosat
247 0

Davlatimiz rahbarining 2018 yilda Fransiyaga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. Strategik hamkorlikning amaliy natijasi sifatida Samarqand shahrida Fransiyaning faxriy konsulligi tashkil etildi.

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda Fransiya faxriy konsulligi ochilgan ilk mamlakat boʻldi, — deydi Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar boʻyicha vaziri huzuridagi davlat kotibi, yurtimizga tashrif buyurgan Fransiya ­delegatsiyasi rahbari Jan-­Batist Lemuan. — Bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni, ayniqsa, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadi. Sayyohlik salohiyati yildan-yilga oshib bo­rayotgan Oʻzbekistonning dunyodagi mashhur brendlardan ­biriga aylanishiga imkon yaratadi. Yaqin kelajakda Luvr­da yurtingizning bebaho tarixiy va madaniy durdonalari koʻrgazmasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbir Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytiradi.

Tashrif doirasida Fransiya delegatsiyasi aʼzolari Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov bilan muzokara olib borishdi, Fransiya taraqqiyot agentligining qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilishi bilan tanishib, qadimiy shaharning diqqatga sazovor joylarida boʻlishdi.

Rinat ABDULMANOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?