Fransiyaning “Le Figaro” nashri sahifalari Oʻzbekistonga bagʻishlandi

17:55 24 Sentyabr 2020 Siyosat
1147 0

Fransiyaning yetakchi “Le Figaro” gazetasi oʻz nashrining bir sahifasini Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi chiqishiga bagʻishladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Gazeta sahifalarida davlatimiz rahbari tomonidan pandemiya paytida inson huquqlariga rioya qilish, shuningdek, atrof-muhit va Markaziy Osiyo salohiyatini rivojlantirish boʻyicha ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbuslarga alohida oʻrin berilgan.

Maqola pandemiya paytida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlarini aks ettiruvchi xalqaro kodeksni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusiga bagʻishlangan.

"Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT yuksak minbaridan turib xalqaro hamjamiyatni pandemiya sharoitida birdamlikka chaqiradi va inson huquqlari himoyachisi sifatida namoyon boʻldi”.

Nashrda Oʻzbekiston Jahon bankining soʻnggi hisobotiga koʻra, pandemiya sharoitida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda ijobiy oʻsishga erisha olgan yagona mamlakat boʻlgani keltiriladi. Maqola mualliflarining fikriga koʻra, ushbu tashabbusni amalga oshirish global sogʻliqni saqlash protokollarini ishlab chiqishga imkon beradi.

“Le Figaro” nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida inson huquqlariga alohida ahamiyat bergani haqidagi fikrlarni davom ettiradi. Shuningdek, Oʻzbekiston BMT Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining maqsad va vazifalariga sodiq harakat qilayotgani taʼkidlanadi. Joriy yil iyun oyida birinchi bor barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bogʻliq 78 ta aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilingani aytiladi.

Mamlakat milliy va xalqaro majburiyatlarini bajarish uchun qator muhim qonunchilik, institutsional, siyosiy va maʼmuriy choralarni koʻrdi. Milliy va global miqyosda inson huquqlarini targʻib qilish va himoya qilishga hissa qoʻshishga qaratilgan ustuvor vazifalar mamlakatning muhim yutuqlaridan biridir.

«Bugungi kunda mamlakatda xotin-qizlar va bolalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu siyosat jamiyatda gender tengligini taʼminlashga va qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlar ishtirokini taʼminlashga imkon bermoqda. Bunda Gender tengligi komissiyasi muhim oʻrin tutmoqda. Qayd etish kerak, Oʻzbekistonda ilk bor ayol kishi parlament yuqori palatasini boshqarmoqda. Mamlakatda "Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya ijrosi boʻyicha milliy harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda”, deb xabar beradi “Le Figaro”.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT doirasida dunyoda kambagʻallikni tugatish masalasiga ham toʻxtaldi. Davlat rahbari ushbu mavzu boʻyicha jahon sammitini oʻtkazishga chaqirdi. Shu bilan birga, ekologik sharoiti noqulay boʻlgan olis mintaqalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligiga eʼtibor qaratdi», deb taʼkidlaydi fransuz gazetasi.

Fransiyaning yetakchi nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik toza texnologiyalarni, shuningdek, yashil iqtisodiyot tamoyillarini, xususan, tabiiy resurslarni saqlash usullarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha ilmiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Orolboʻyi hududini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi”ga aylantirish boʻyicha BMT maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif qilganini keltiradi.

Materialda ushbu taklif, birinchi navbatda, Orol dengizi mintaqasida ekologik barqarorlikni saqlash boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani taʼkidlangan. Markaziy Osiyo mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatni innovatsion texnologiyalarni joriy etish, Orol dengizi mintaqasiga investitsiya loyihalarini jalb qilish uchun oʻzaro manfaatli, uzoq muddatli mexanizmlarni ishlab chiqish uchun doimiy maslahatlarni oʻtkazishga imkon berishi qayd etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?