Fransiyaning bir qator shaxslariga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvonlari topshirildi

17:39 08 Oktyabr 2018 Siyosat
1021 0

8 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Parijdagi elchixonasida Fransiyadagi “Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganish assotsiatsiyasi” prezidenti, tarixchi olima Fredrik Bopertyus-Bressan xonim, Markaziy Osiyo tarixi jonkuyari, arxeolog olim Frans Grens, taniqli fransuz yozuvchisi Amin Maalufga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Unda Fransiya davlat va jamoat arboblari, Oʻzbekistondan tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi S.Rustambekov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev va boshqalar Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi hamkorlik barcha yoʻnalishda, jumladan, ilm-fan, madaniy-gumanitar sohalarda ham izchil rivojlanayotganini alohida taʼkidladi. Bunda mamlakatimiz tarixi, xususan, Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatini oʻrganish borasidagi ishlar muhim ahamiyat kasb etayotgani, mazkur aloqalar davlatimiz rahbarining Fransiyaga rasmiy tashrifidan soʻng yanada mustahkamlanishi qayd etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev fransiyalik jamoat arboblariga faxriy unvonlarni tantanali ravishda topshirdi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Xususan, Toshkent shahrida fransuz maktabi, Samarqand va Buxoro shaharlarida “Fransuz alyansi“ filiallarini ochish borasida muhim qadamlar tashlandi. Bundan tashqari, teatr, kino, ilm-fan sohalarida diqqatga sazovor loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

2015 yilda Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasida imzolangan kelishuvga binoan poytaxtimizda “Toshkent Fransuz alyansi”ga asos solindi. Uning asosiy maqsadi madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, ilm-fan, texnika sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Har yili bu yerda 1000 dan ortiq tinglovchi fransuz tili boʻyicha tahsil oladi.

Fransiyaliklar yurtimizda oʻtadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib keladi. Ayni paytda Parijdagi Luvr muzeyida Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatiga bagʻishlangan maxsus koʻrgazma tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

– Samarqandning faxriy fuqarosi boʻlish men uchun sharaf. Bu shaharga bejiz roʻyi zamin sayqali, degan taʼrif berilmagan, – dedi Fredrik Bopertyus-Bressan xonim. – Bunday yuksak eʼtibor meni madaniy hamkorligimiz rivoji yoʻlida yanada sidqidildan xizmat qilishga undaydi.

Tadbirda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalar rivojida olimlarimiz olib borayotgan tarixiy merosni oʻrganish bilan bogʻliq tadqiqotlar muhim oʻrin tutishi alohida qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?