Fransiyalik sayyohni hayratlantirgan gulistonlik maktab oʻquvchisi

14:38 03 Dekabr 2018 Jamiyat
1915 0

Foto: "Xalq so`zi Online"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyati 1-xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatining 11-sinf oʻquvchisi Madina Sunnatovaning sinfdoshlari bilan Samarqandga sayohati bir umr esda qoladigan boʻldi.

Gap shundaki, u Registon maydonida xorijlik sayyoh Jyuton Guy bilan suhbati davomida oʻzining fransuz tilini qay darajada bilishini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi. Fransiyaning La-Roshel shahrilik Jyuton Guy esa tarixiy obidalarimiz qatorida Vatanidan minglab kilometr olisda oʻzbekistonlik oʻquvchi qizning fransuz tilini mukammal bilishidan juda hayratlanganini izhor qildi.

“Ayni chogʻda Jyuton Guy bilan internet orqali muloqot qilib turibmiz. Quvonarlisi, u oʻzbek tilini oʻrganish niyatida ekanligini bildirdi. Bu borada, albatta, unga yordam bermoqchiman”,-deydi Madina.

Madina Sunnatova 2014 yilgi “Bilimlar bellashuvi” tanlovining respublika bosqichida ikkinchi oʻrin sohibasi boʻlgan.

Shuningdek, joriy yil boshida uning “Fransuz tilini oʻrganmoqchimisiz. Marhamat” deb nomlangan qoʻllanmasi ham chop etildi va bu ishlanma Xalq taʼlimi vazirligining masʼul xodimlari tomonidan munosib eʼtirof etildi. Yana Madina hozirgacha 10 ta eng mashhur oʻzbek xalq ertaklarini fransuz tiliga tarjima ham qildi.

Foto: "Xalq so`zi Online"

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?